Ertaga Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida va kechga tomon Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Yakshanba kuni respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, ayrim joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Bugun va ertaga respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatiladi. Harorat kechasi 10-15 daraja iliq atrofida, ertaga kunduzi 21-26 daraja iliq bo‘ladi, yakshanba kuni havo salqinroq bo‘ladi, havo harorati 13-18 daraja iliqdan yuqori bo‘lmaydi.

10-martda respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi havfi bor.

10-12-martda kutilayotgan yomg‘irlar hisobiga tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Poytaxtimizda: bugun yog‘ingarchilik kutilmaydi, ertaga kechga tomon va yakshanba kuni kun davomida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7-12 m/s tezlikda esadi.

Bugun va ertaga kunduzgi havo harorati 24-26 daraja iliqni tashkil etadi, yakshanba kuni 17-19 daraja iliqgacha salqinlashadi.