Hafta oxirlariga borib harorat biroz pasayadi

    Oʻzgidromet xizmati agentligining xabar berishicha, 9−10-may kunlari Oʻzbekistonning barcha hududlariga nam havo massalari tarqaladi.

    Dushanba kuni kunduzi respublikaning katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida va Fargʻona vodiysining baʼzi joylarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati +23…+28 daraja atrofida boʻladi.

    Seshanba va chorshanba kunlari respublikaning gʻarbiy hududlariga nam havoning yana bir qismi kirib kelishi boshlanadi. 7−8-mayda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida, 8-mayda Buxoro, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻladi.

    Respublikaning qolgan hududlarida bu kunlari quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Havo harorati +30…+33 darajagacha koʻtariladi.

    9−10-may kunlari koʻp viloyatlarda yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda momaqaldiroq boʻladi. Faqat 9-mayda Fargʻona vodiysida, 10-mayda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yomgʻir yogʻishi kutilmaydi. Bu kunlarda havo harorati pasayadi va 10-mayga kelib +20…+25 darajagacha boʻladi.

    Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, baʼzi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi.

    Respublikaning togʻoldi va togʻli hududlarida 6-mayda kunning ikkinchi yarmida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. 7−8-mayda yogʻingarchilik kutilmaydi. 9−10-mayda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Baland togʻlarda (2000 metrdan yuqorida) 10-may kuni yomgʻir qorga aylanishi ehtimoli bor. Qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi.

    Toshkent shahrida 6-mayda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat +26…+28 daraja boʻladi. 7−8-may kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat +30…+33 darajagacha koʻtariladi.

    9-mayda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat +30…+32 daraja boʻladi. 10-mayda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat +22…+25 darajagacha pasayadi.