Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.
Bugun faqat Navoiy viloyatida va ertalab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida biroz qor yogʻadi. 20-yanvar kuni faqat respublikaning janubiy-gʻarbiy hududlari boʻyicha kechqurun yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻlishi mumkin.
21−23-yanvar kunlari Oʻzbekistonning katta qismida vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi.
Haftaning birinchi yarmida havo harorati kechalari −3…+2 daraja, kunduz kunlari +3…+8 daraja atrofida boʻladi. Haftaning ikkinchi yarmida harorat asta-sekin kechalari −2…−7 darajagacha, kunduz kunlari −2…+3 darajagacha pasayadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida ushbu hafta davomida harorat asosan kechalari −8…−13 daraja, kunduz kunlari 0…-5 daraja, 23-yanvarga kelib +3 darajagacha boʻladi.
Baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin. 21−22-yanvarda respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayadi. Togʻli hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yogʻadi, qor koʻchishi xavfi bor.
Toshkent shahrida 19−21-yanvarda yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan kechalari −2…+1 daraja, dushanba va seshanba kunduz kunlari +3…+6 daraja, chorshanba kuni +7…+9 daraja boʻladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.
22−23-yanvarda vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Harorat 22-yanvarda kechasi va kunduzi 0…+2 daraja, 23-yanvarda kechasi −3…−6 daraja, kunduzi 0 daraja atrofida boʻladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.