“Oʻzgidromet“ agentligining xabar berishicha, ushbu ish haftasining birinchi yarmida Oʻzbekiston hududi boʻyicha iqlimiy meʼyorga yaqin boʻlgan havo harorati bilan biroz issiq ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Kunduz kunlari harorat 36-39 daraja atrofida, respublika janubida va choʻl hududlarida 40-42 darajagacha ko'tariladi.
Haftaning ikkinchi yarmida issiq kuchayadi. Juda issiq ob-havo davri shanba kuniga qadar davom etadi. Kunduz kunlari termometr ustuni 40-42 darajagacha, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 43-44 darajagacha koʻtariladi.
Shu kunlarda Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi. Qisqa muddatli yomgʻirlar faqat 14-16-iyul kunlari ayrim togʻli hududlarda kuzatilishi mumkin.
Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkentda havo asosan biroz bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 14-16-iyulda kechalari 22-24 daraja, kunduz kunlari 37-39 daraja boʻladi. 17-19-iyulda harorat kechalari 25-27 darajagacha, kunduz kunlari 40-42 darajagacha koʻtariladi.









