8-sentyabrda respublika shimoliga antitsiklon kirib kelishi boshlanadi, antitsiklon Volga boʻyi hududlaridan salqin havoni olib keladi. 9-10-sentyabrda salqin havo massasi Oʻzbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi.

Respublika boʻyicha asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilyapti. 8-sentyabr, chorshanba kuni respublika hududining koʻp qismida harorat 32-37° boʻlgan iliq ob-havo saqlanib turadi, faqat shimoliy viloyatlarda harorat 25-30° gacha pasayadi.

9-10-sentyabrda Oʻzbekistonning barcha hududlarida havo salqinlashadi. Juma kuniga kelib, havo harorati kechalari va erta tongda 12-17° gacha, kunduz kunlari 23-28° gacha pasayadi, bu oʻrtacha koʻp yillik qiymatlardan 2-4° ga pastdir.

8-10-sentyabrda havo massasining oʻzgarishi Oʻzbekistonning koʻpchilik viloyatlarida shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi bilan kuzatiladi.

6-7-sentyabrda respublikaning shimoliy va choʻl hududlari boʻyicha shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.