Haftaning oʻrtasiga borib janubda va choʻl hududlarda +38 darajagacha boʻladi

    Ushbu haftaning birinchi yarmida Oʻzbekiston hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

    “Oʻzgidromet” xabariga koʻra, havo harorati kundan kunga koʻtarila boshlaydi va haftaning oʻrtasiga borib +33...+36 darajaga yetadi, janubda va choʻl hududlarda +38 darajagacha boʻladi.

    Ertadan boshlab faqat respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlari Kaspiy dengizi hududlaridan kirib kelgan nam havo taʼsiri ostida boʻladi. 14-15-may kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyatining shimolida baʼzi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomgʻirlar yogʻadi.

    Haftaning ikkinchi yarmida nam havo massalari sharqqa qarab tarqaladi va respublikaning ayrim joylarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi. Havo harorati +25...+30 darajagacha pasayadi.

    Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

    Poytaxtda 13-15-may kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 13-mayda +29...+31 daraja, 14-15-mayda +33...+36 daraja boʻladi.

    16-17-mayda harorat +25...+30 darajagacha pasayadi, vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.