“Haj” ziyorati bilan bogʻliq firibgarlik holatlariga chek qoʻyildi

    Xavfsizlik 7 Iyun 2023 1193

    Margʻilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari Ya.M. oʻzganing ishonchiga kirib, uni va tanishini “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 16 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning muqaddas “Haj” va “Umra” ziyoratlariga borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgani bois, ushbu maqsadda Saudiya Arabistoni Podshohligiga boruvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda.

    Lekin joriy yilgi “Haj” mavsumi arafasida ayrim shaxslar tomonidan fuqarolarimizni “Haj” safariga yuborish bilan bogʻliq asossiz takliflar ham bildirilmoqda.

    Afsuski, bunday takliflar orqali Saudiya Arabistoniga boruvchi vatandoshlarimiz sarson-sargardon boʻlishlari mumkin.

    Bu yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda bir nechta tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

    Xususan, Margʻilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari Ya.M. oʻzganing ishonchiga kirib, uni va tanishini “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 16 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Margʻilon shahrida faoliyat yurituvchi boshqa bir turistik firma xodimi A.T. esa Qoʻshtepa tumanida yashovchi fuqaroga “Haj 2023” vizasi rasmiylashtirib, “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga talab qilingan 10 ming AQSH dollaridan 4 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

    Buvayda tumanida kuzatilgan holatda Andijon shahridagi turistik firma vakili M.J. Margʻilon shahrida yashovchi fuqaroning onasiga “Haj 2023” vizasi rasmiylashtirib, “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga talab qilingan 8500 AQSH dollaridan 3 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.