Qayd etilishicha, DXXning Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma ishchisi boʻlgan 1997-y.t. shaxs Boyovut tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 12.800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur turfirmaning 1980 va 1994-yillarda tugʻilgan 2 nafar xodimi ham fuqarolarning ishonchiga kirib, ziyoratga yuborish bahonasida ularning pullarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirish mexanizmini joriy qilganliklari aniqlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qonunbuzarlarning 2 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va ulardan jabr koʻrgan boshqa fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Margʻilon shahrida yashovchi, 1986-y.t. shaxs Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni “Haj” amallarini ado etish uchun muborak safarga yuborish evaziga 11 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.