Xalqaro halol maxsulotlari ko'rgazmasi (Malaysia International Halal Showcase – MIHAS-2023) halol mahsulotlar sanoatida dunyodagi eng yirik tadbir bo'lib, 2004 yildan beri har yili Malayziya poytaxtida o'tkazib kelinadi. Ushbu ko'rgazma tashkilotchisi – Malayziya savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Xalqaro savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE).
Ushbu tadbirda har yili 40 dan ortiq mamlakatdan 1000 ga yaqin kompaniyalar, 80 dan ortiq mamlakatlardan 25 ming kishi ishtirok etadi. Joriy yilda ko'rgazmada 43 mamlakatdan 549 kompaniya va 64 mamlakatdan 16,5 ming kishi ishtirok etmoqda.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizning eksport salohiyati, mahalliy mahsulotlarni xorijiy mamlakatlar bozorlariga chiqarish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va mahsulotlar tannarxini tushirish bo'yicha foydalanilayotgan xalqaro transport koridorlari bo'yicha batafsil ma'lumotlar berildi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Malayziya bozoriga eksport qilish va Malayziya ishlab chiqaruvchi kompaniyalarini respublikamizda investitsion loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.