Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar va ularning xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, madaniyat va sanʼat orqali oʻzaro ishonch va doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashga koʻmaklashish Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazining asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti tashkil etilganining 21 yilligi munosabati bilan shu yil 16-iyun kuni Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining Organ zalida Markaz tashabbusi bilan “SHHT xalqlari musiqa oqshomi” boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oliy Majlis deputatlari, SHHT milliy koordinatorlari, vazirlik va idoralar, SHHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va Toshkentdagi diplomatik korpus hodimlari, SHHT milliy madaniy markazlari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari qatnashishdi.

“Soʻgʻdiyona” oʻzbek xalq cholgʻulari davlat kamer orkestri ijro etgan SHHTga aʼzo mamlakatlar xalqlarining anʼanaviy va zamonaviy musiqa asarlari, doʻstlik, tinchlik va farovonlikni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar yangradi.

Jumladan, “Hindiston gavharlari” nomli hind filmlaridan olingan musiqa toʻplami, “Men sevgan Xitoy” qoʻshigʻi, “Arыs jagʻasыnda” qozoq qoʻshigʻi, “Mash Botoy” qirgʻiz xalq kuyi, pokiston xalq kuyi, “Korobeyniki” rus kuyi, “Azizon” tojik xalq qoʻshigʻi, “Dugonalar” oʻzbek xalq kuyi, hamda belorus, ozarbayjon va eron xalqlarining ijodiy asarlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining

Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati