Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi (AQSH) taʼsischiligida Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi tashkil etilyapti.
Markazning asosiy vazifalari:
- ijtimoiy himoya va aholining ruhiy salomatligi sohasidagi muammolarni tadqiq etish hamda hal qilishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
- ijtimoiy ish sohasida xalqaro standartlar talablariga mos keluvchi akademik tizimni joriy etish va mustahkamlash;
- ijtimoiy himoya muammolarini hal etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va ishga tushirish.
Markaz faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun Kolumbiya universitetida tegishli boʻlim tashkil etiladi.
Bundan tashqari, “Aqlvoy” telekanaliga Agentlikning buyurtmasiga asosan efir vaqtining 7 foiz qismiga ijtimoiy roliklarni bepul joylashtirish vazifasi yuklatilyapti.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 25-iyundan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma” portali.