Hamjihatlik va mas'uliyat — farovonlik omili

    Jamiyatdagi farovonlik va ijtimoiy barqarorlikda uy-joy siyosati muhim rol` o'ynaydi. Ayniqsa, xalqimiz uchun muqim boshpanaga ega bo'lishning ahamiyati beqiyos.

    BMTning jahon iqtisodiy istiqbollari boʻyicha yanvar oyida eʼlon qilingan hisobotida xalqaro savdoning sustlashuvi, mehnat bozorining yomonlashuvi, geosiyosiy mojarolarning ziddiyatli tus olishi va ortib borayotgan iqlim falokatlari 2024 yilda global oʻsishni sekinlashtirishi qayd etilgan edi.

    Bugungi dunyo manzarasiga boqib, nufuzli xalqaro tashkilotning xavotirida jon borligi, yuqorida keltirilgan omillar hatto mutaraqqiy davlatlarning ham ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga keskin taʼsir koʻrsatayotganiga guvoh boʻlyapmiz. 2030 yilga borib 8 yarim milliard kishiga etishi kutilayotgan sayyoramiz aholisi ishsizlik, oziq-ovqat xavfsizligi, ichimlik suvi tanqisligi, energetika inqirozi, global isish kabi jiddiy muammolar bilan tobora yuzma-yuz kelmoqda.

    Mana shunday murakkab zamonda mustaqil taraqqiyot yoʻlidan dadil qadam tashlayotgan, soʻnggi sakkiz yilda ichki va tashqi siyosati sifat jihatidan oʻzgargan Oʻzbekistonning rivojlanish strategiyasi aynan insonparvarlik va xalqparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgani xalqaro jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qayd etilgan fakt va dalillar buni yana bir karra tasdiqlaydi.

    Xususan, joriy yilning olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga koʻpaygan. Umuman, yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qoʻshilgan qiymat 567,4 trillion soʻm, yaʼni 45,1 milliard dollarlik marrani egallagan.

    Ilgari bunday raqamlar amaliyotda kuzatilmagan. Kutilgan natijalarga erishilayotgani zamirida avvalo xalqimizning fidokorona mehnati, strategiyaning toʻgʻri tanlangani, davlatimiz rahbarining hamma muhim masalalarda aholi bilan bamaslahat ish yuritish mexanizmlarini yaratib bergani, davlat boshqaruvi organlarining bir-birini tushungan holda harakat qilishi, maqsad va vazifalar aniq belgilanayotgani turibdi.

    Iqtisodiyotda uzoq yillar davomida boy berib kelingan imkoniyatlarni ishga solish, islohotlarning xalqchilligini taʼminlash oʻz natijadorligini koʻrsatayotgani hamda bularning bari oson kechmayotganini ham his qilib turibmiz, albatta.

    Ayniqsa, ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar yuzlab mahallalarni koʻrsa, koʻz quvnaydigan obod manzillarga aylantirish, aholining birlamchi ehtiyoji sanalgan bogʻcha, maktab, tibbiy muassasalarni qurish, yoʻl, suv, elektr energiyasi taʼminotidagi muammolarni bartaraf etish imkonini berayotir. Maʼlumotga koʻra, oʻtgan yarim yillikda ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 31,5 trillion soʻm ajratilgan.

    Manzilli ijtimoiy siyosat uchun intiladigan Xalq demokratik partiyasi bunday siyosatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, oʻz tashkilotlari, respublikamizning barcha hududlaridagi deputatlik birlashmalari bilan birga islohotlarning ijtimoiy samaradorligi uchun astoydil faoliyat yuritmoqda.

    Jamiyatdagi farovonlik va ijtimoiy barqarorlikda uy-joy siyosati muhim rol oʻynaydi. Ayniqsa, xalqimiz uchun muqim boshpanaga ega boʻlishning ahamiyati beqiyos. Olti oy ichida 18 ming 600 ta yangi xonadon barpo etilib, foydalanishga topshirilgan. 26 mingta oilaga 7 trillion soʻmga yaqin ipoteka krediti ajratilgan. Ular boʻyicha boshlangʻich toʻlov va foizni qoplash uchun 545 milliard soʻm subsidiya berilgan. Bu dalillarning oʻziyoq uy-joyga muhtoj qatlamning manfaatlarini himoya qilish, odamlarning bugungi kundan rozilik hissini oshirishdek ezgu niyat bilan yoʻgʻrilgan amaliy ishlarning keng qamrovini amalda koʻrsatib turibdi.

    Yigʻilishda iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi yutuqlardan ham koʻra koʻproq muammolarga eʼtibor qaratildi. Galdagi reja va vazifalar uzil-kesil belgilab olindi.

    Ulardan biri va asosiysi aholi oʻrtasida bandlikni oshirish, shu orqali kambagʻallikni qisqartirish bilan bogʻliq boʻlib, ayni masala vaqt oʻtgani sari dolzarblashib borayotgani sir emas. Binobarin, shu yil yanvar holatiga mamlakatimizda ishsizlar soni 1,3 million kishini tashkil etgani holda yil oxiriga qadar mehnat bozoriga yana 2,4 million nafar ishga talabgor kirib kelishi prognoz qilingan edi. Agar qarichni kattaroq olsak, ishsizlik va uning ortidan soyaday ergashuvchi qashshoqlik bugun butun dunyo davlatlarida ijtimoiy barqarorlikka tahdid solib turgan muammolardan hisoblanmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining maʼlum qilishicha, 2024 yilda ishga layoqatli, biroq ishsiz qolgan insonlar soni 400 milliondan ortadi.

    Yurtimizda bu muammoning oqilona yechimlarini topish minglab hamyurtlarimizning doimiy ishli boʻlib, turmush tarzi yaxshilanishiga, mazkur yoʻnalishdagi Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, Gʻijduvon tajribalari yanada quloch yozishiga zamin yaratmoqda. Birgina oʻtgan olti oy ichida 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashib, 1 million 600 ming aholi rasmiy band boʻlgan, daromad soligʻi toʻlovchilar yana 712 ming nafarga koʻpaygan.

    Davlatimiz rahbari joriy yil 1 dekabrgacha “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib berish orqali 495 mingta ish oʻrni ochilishi, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi ijrosi uchun 4 trillion soʻm ajratilishini aytib oʻtdi. Aniq va manzilli chora-tadbirlar yil yakunigacha 2 million 416 ming aholi bandligini taʼminlash imkonini berishi kutilmoqda.

    Partiyamiz bandlikni taʼminlash, ehtiyojmand qatlamning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish boʻyicha real vaziyatga mos mexanizmlar samaradorligidan bevosita manfaatdordir. Shuning uchun belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, ijro etuvchi idora-tashkilotlar faoliyati boʻyicha joylarda samarali deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borish, elektorat manfaatlari himoyasi bilan bogʻliq masalalarda hamjihatlikda faoliyat yuritishga alohida eʼtibor qaratiladi.

    “Avval inson, soʻng jamiyat va davlat” tamoyilining hayotda toʻliq aks etishi, xalqimiz uchun munosib turmush yaratilishi hamjihatligimiz, ezgu maqsadlar yoʻlida birdamligimizga bogʻliq ekanini unutmasligimiz kerak.

    Ulugʻbek INOYATOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,

    OʻzXDP fraksiyasi rahbari