Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

    Fuqarolarning erkin va adolatli saylovlarda ishtirok etish huquqini taʼminlashda Jamgʻarmaning oʻrni alohida qayd etildi.

    15-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxodjayev Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmaning (IFES, Vashington, Kolumbiya okrugi) Yevropa va Yevroosiyo boʻyicha dasturlari mutaxassislari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda MSK rahbari IFES vakillariga mamlakatda fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, boʻlajak Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga tayyorgarlik haqida maʼlumot berdi.

    Fuqarolarning erkin va adolatli saylovlarda ishtirok etish huquqini taʼminlashda Jamgʻarmaning oʻrni alohida qayd etildi. IFES tajribasi saylov tizimini mustahkamlash va mahalliy resurslarning salmogʻini kengaytirishga hissa qoʻshadi, bu esa oʻz navbatida dolzarb masalalarning istiqboldagi yechimlarini topish imkonini yaratadi.

    Uchrashuvda tomonlar Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasining Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlik yoʻnalishlari va uni yanada mustahkamlash yoʻllarini muhokama qilishdi.

    IFESning Yevropa va Yevroosiyo boʻyicha dasturlari katta menejeri Entoni Boyer Oʻzbekistonda saylov qonunchiligi va saylov tartibini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholar ekan, Jamgʻarma mustaqil saylov komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirishga, saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan loyiha dasturini amalga oshirish orqali milliy saylov jarayonini qoʻllab - quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

    MSK salohiyatini oshirishda MSK aʼzolarini oʻqitish orqali kasbiy etika tamoyillarini ilgari surish, saylov komissiyalari xodimlarini saylov jarayonini boshqarishga oid, saylovning ochiqligini taʼminlash va barcha saylovchilarga sharoit yaratish kabi barcha masalalar boʻyicha oʻqitish, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, saylovchilarni roʻyxatga olish tizimini takomillashtirishda texnik yordam koʻrsatish yoʻli bilan saylovchilarga ovoz berishda qatnashish imkoniyatini yaxshilash bilan bogʻliq masalalar boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar MSK va Jamgʻarma oʻrtasida yanada tizimli aloqalarni rivojlantirish zarurligi toʻgʻrisida oʻzaro fikr bildirdilar, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.