2021-yilda Vengriya Bosh vazirining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida qoʻshma deklaratsiya qabul qilindi. Shuningdek, turli vazirlik hamda idoralar oʻrtasida koʻp qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat imzolandi.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil oktyabr oyi boshida Vengriyaga rasmiy tashrifi chogʻidagi muzokaralarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi, Eng avvalo, oʻzaro savdoni koʻpaytirish, farmatsevtika, agrosanoat, mashinasozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va boshqa yoʻnalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan qoʻshma loyiha hamda dasturlarni amalga oshirishga kelishildi. Tashrif doirasida oʻtkazilgan biznes-forum muvaffaqiyatli yakunlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangani samarali hamkorlikning amaliy natijasi sifatida qayd etildi.
Prezidentimiz va Bosh vazir Viktor Orban Oʻzbekiston Respublikasi va Vengriya oʻrtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish toʻgʻrisida qoʻshma bayonotni, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 15 ta hujjat imzolandi.
Imzolangan hujjatlarni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida Budapeshtda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi. Joriy yilning 27-mart kuni Oʻzbekiston elchixonasining ochilishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Elchixona binosi Budapesht shahrining markaziy hududida joylashgan boʻlib, u koʻhna va zamonaviy arxitektura talablarini mujassam etgan.
— Biz Oʻzbekistonning vazirlik va kompaniyalari bilan toʻrt yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz, — deydi “AgroFeed Kft” kompaniyasining MDH mamlakatlari boʻyicha direktori Tomash Toperser. —Oʻtgan yili Oʻzbekiston Prezidentining Vengriyaga tashrifi davomida imzolangan bitim va kelishuvlar chorvachilik va parrandachilik sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilishi bilan ham bizni mamnun etgan edi. Chunki, bu yoʻnalishdagi ishlar qamrovi tobora kengayib boryapti. Masalan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda parrandachilik va chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarga veterinariya xizmatini tashkil etish, parranda, chorva mollarini oziqlantirish boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatib kelyapmiz, ilmiy-amaliy seminarlar oʻtkazib, mutaxassislar bilan tajriba almashishni yoʻlga qoʻyganmiz.
Bugungi kunda kompaniyamiz eng zotdor va mahsuldor krosslarini Oʻzbekistonga olib kelish, ularni iqlimlashtirish, parrandachilik xoʻjaliklari va omuxta yem ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga joʻja, ozuqa mahsulotlari va uning qoʻshimchalari, dori vositalari bilan taʼminlash, korxonalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ustidagi ishlar davom etyapti.
Ana shunday loyihalardan biri oʻtgan yili Karmana tumanidagi “Colden Lake Miracles” masʼuliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirildi. Jamiyatga Vengriya davlatining “Babolna tetra” kompaniyasidan “Super Harco” naslli 10 ming bosh xonaki joʻjalar keltirildi. Mazkur naslli parrandalar yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi, juda tez oʻsadi. Masalan, 3,5 oylik xoʻrozning vazni taxminan 2 kilogrammga, 5,5 oylik tuxum qoʻyadigan tovuq vazni esa 2–2,5 kilogrammgacha yetadi.
Shu yilning iyun oyida eʼtiborga molik moliyaviy voqea yuz berdi. Vengriyaning OTP Banki Oʻzbekistonning beshinchi yirik moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi muassasasi – Ipoteka bankning asosiy aksiyadoriga aylandi va Oʻzbekiston bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etayotgan birinchi gʻarb banki sifatida tarixga kirdi.
OTP Bank Ipoteka bankning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga tegishli aksiyalaridan 75 foizini sotib oldi, qolgan 25 foizi 3 yillik muddatda xarid qilinadi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida OTP guruhi oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyayotgan birinchi davlat hisoblanadi.
OTP guruhi yuqori rentabellik, barqaror kapital va likvidlik pozitsiyasiga ega boʻlgan, Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan yetakchi banklardan biri. 12 mamlakatda 41 000 dan ortiq xodimga ega boʻlgan guruh 17,5 milliondan ortiq mijozlarga universal moliyaviy xizmatlar koʻrsatadi. Hozirgi vaqtda Vengriya, Bolgariya, Serbiya, Chernogoriya va Sloveniyada bozor yetakchisiga aylangan OTP guruhining bosh ofisi Vengriyada joylashgan, u mulkchilikning diversifikatsiyalangan va shaffof tuzilmasiga ega.
“Ishonchim komilki, biz innovatsion mahsulotlarimiz va xizmatlarimiz bilan Oʻzbekiston iqtisodiyotining yanada jadal rivojlanishiga hissa qoʻshishimiz va OTP Bank aksiyadorlari uchun katta qiymat yaratishimiz mumkin”, — deydi bank boshqaruv raisi va bosh ijrochi direktori Shandor Chani.
MUSHTARAK TARIXIY ILDIZLAR
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil oktyabr oyi boshida Budapesht shahridagi Shandor saroyida Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan uchrashuvida ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashillgan edi. Unda xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari va oʻxshash mentaliteti doʻstona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlanar ekan, Arminiy Vamberi va Isʼhoq Ibrohim kabi sharqshunos olimlar tarixiy rishtalarimiz va boy madaniy merosimizni oʻrganishga katta hissa qoʻshgani alohida qayd etildi.
Olim-tadqiqotchilarning qayd etishicha, Herman Vamberining mintaqamizga qilgan sayohati asosida yaratilgan “Buxoro tarixi yoki transsaksoniya” va “Oʻrta Osiyo boʻylab sayohat” asarlari bugungi kunda ham Yevropada, xususan, Vengriyada Markaziy Osiyo davlatlari tarixi, geosiyosiy ahamiyati, madaniy, tarixiy, iqtisodiy jarayonlarga taʼsir etgan omillarini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qilmoqda va mintaqamiz tarixini oʻrganishda qoʻllanma sifatida foydalanib kelinadi. U 1858-yilda 14 ming soʻzdan iborat “Nemischa — turkcha”, 1860-yilda 40 ming soʻzni oʻz ichiga olgan “Oʻzbekcha — nemischa” lugʻatni Istanbulda nashr ettirgan.
Vamberi oʻz yurtiga qaytganidan keyin koʻp oʻtmay uning “Chigʻatoy tili saboqlari” nomli yana bir kitobi bosildi. Uning “Xrestomatiya” qismida bundan bir yarim asrdan sal oldinroq, yaʼni 1867-yilda oʻzbek maqollaridan 112 tasining aslini oʻzbek-arabiy hamda lotin imlosida, davomidan olmon tiliga tarjimasini beradi.
Oʻtgan yil may oyi oxirlarida Vengriyaning Velense shaharchasidagi qabristonda gulchambar qoʻyish marosimi oʻtkazildi. Shu tariqa ushbu mamlakatda yashab ijod qilgan oʻzbek olimi Mulla Isoq Ibrohim tavalludining 186-yilligi munosabati bilan vatandoshimizning ulkan ishlariga hurmat-ehtirom koʻrsatildi.
Marosimda venger va oʻzbek xalqlari qadim aloqalarga egaligi qayd etilar ekan, ikki xalqning tarixiy kelib chiqishi bir-biriga tutash ildizlarga borib taqalishi, oʻzaro tarixiy munosabatlar XIX asrda Herman Vamberi va Mulla Isoqning oʻzaro doʻstligi natijasida qayta tiklangani, yurtdoshimiz oʻz hayot yoʻli va ijodi bilan Vengriya madaniyati rivojiga hissa qoʻshgani alohida eʼtirof etildi.
Maʼlumki, Isʼhoq Ibrohim asli Qoʻngʻirotda tugʻilgan va Xivada madrasada tahsil olgan. Vamberining yurtimiz shahar-qishloqlari va chet mamlakatlariga safarlarida hamrohlik qilgan. Keyinchalik Vamberi bilan Vengriyaga kelgan, bir umr doʻsti va shogirdi boʻlib qolgan.
Isʼhoq Ibrohim Vengriya Fanlar akademiyasining Sharq qoʻlyozmalari boʻlimida ishladi, vengriyaliklarga oʻzbek hamda boshqa turkiy tillarni oʻqitdi. Yevropaning ilmiy doiralarida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻldi. U oʻzbek xalq maqollari, ertak va topishmoqlarini venger tiliga tarjima qilib, Vengriya Fanlar akademiyasining filologiya boʻlimi tomonidan chop etiladigan “Tilshunoslik axboroti”da eʼlon qildi. Hatto mashhur venger yozuvchisi Yanosh Aronning “Ajoyib ohuning hikoyati” asarini ham oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Ushbu asar 2021-yili davlatimiz rahbarining soʻzboshisi bilan Toshkentda yangi tahrirda nashr etildi. Prezidentimiz oʻzbek va venger xalqlari oʻrtasidagi tarixiy doʻstlikning yorqin ifodasi boʻlgan ushbu kitobni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanga 2021-yil mart oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida tuhfa qildi.
Davlatimiz rahbarining Vengriyaga bu galgi tashrifi ham mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning yangi davri mustahkamlanishiga, xalqlarimizning koʻp asrlik doʻstligi va oʻzaro manfaatli hamkorligining bugungi rivojiga katta hissa qoʻshishga xizmat qilishi, shubhasiz. Chunki, xalqaro ekspertlar taʼkidlayotganidek, bunday keng qamrovli oʻzaro strategik hamkorlikka Oʻzbekiston Yevropa davlatlari orasida birinchi boʻlib Vengriya bilan erishgan. Ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi, oʻziga xos oʻxshash jihatlari, Vengriyaning Markaziy Yevropada, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda joylashganligi, shuningdek, Vengriya Yevropa davlatlari uchun Oʻzbekistonga, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Vengriya uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari bozoriga koʻprik vazifasini bajarish istiqbollari hamkorlikni yangi yutuqlar bilan boyib borishini kafolatlaydi.
Abdurauf QORJOVOV,
sharhlovchi