Joriy yilning 2-3-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasidagi o'nta eng nufuzli oliygohlar qatorida bo'lgan MeI — Milliy tadqiqot universiteti federal davlat byudjeti oliy ta'lim muassasasi rektori professor N.D.Rogalyov boshchiligidagi delegatsiya oliy o'quv yurtining Toshkentdagi filialiga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad filial faoliyati, o'quv jarayoni va filialning yangi binosida yakuniga etib borayotgan qurilish montaj ishlari bilan yaqindan tanishish bo'lib, delegatsiya a'zolari Toshkent filialining yangi binosini borib ko'rdilar.
Delegatsiya a'zolariga oliygohning Toshkent filiali ijrochi direktori professor X.S.Daliyev hamrohlik qilib, mehmonlarni filialning yangi binosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi va bu erda talabalar hamda professor-o'qituvchilar uchun yaratiladigan zamonaviy shart-sharoitlar haqida so'zlab berdi.
Shuningdek, mehmonlar Toshkent shahrida keng miqyosda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar.
Mehmonlarning yurtimizga qilgan tashrifi ayni bahor va yangilanish bayrami bo'lgan Navro'zi-olam nishonlanayotgan kunlarga to'g'ri keldi. Shu bois, institut filiali va O'zMU qoshidagi Yarimo'tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti jamoasi bilan birga tashkil etilgan bayram tadbiriga aziz mehmonlar lutfan taklif etildi. Mehmonlar institutga kirishdanoq ikki tomonda saf tortib, qo'llarini ko'ksiga qo'yib, ularni o'zbekona lutf bilan qarshi olgan talaba yoshlarga havas qildilar. Institut hovlisi yam-yashil maysalaru oq, pushti o'rik gullari uyg'unligidan chinakam bahoriy qiyofa kasb etgan. G'oyat ko'tarinki tashkillashtirilgan tadbirning ochilishida filial ijrochi direktori X.S.Daliyev bayram tadbiriga yig'ilgan aziz mehmonlarni Navro'z bilan muborakbod etdi.
Tadbirda filial talabalari tomonidan tashkil etilgan musiqali chiqishlar, ayniqsa, kelin salom, fol`klor namoyishlari barcha mehmonlarga manzur bo'ldi.
Tadbir so'ngida o'zbekona urf-odatlarga ko'ra, mehmonlarga esdalik sovg'alari va Navro'z taomi — sumalak tarqatildi.
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri