Mazkur masala Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari, hududlarning oʻrta tibbiyot xodimlariga taʼlim berishga ixtisoslashgan tibbiyot taʼlim muassasalari direktorlari ishtirokida boʻlib oʻtgan onlayn konferensiya kun tartibidan oʻrin oldi.
Dunyoning koʻpgina mamlakatlarida, jumladan Koreya Respublikasida hamshiralar nafaqat oʻrta maxsus taʼlimiga ega boʻladilar, ular shuningdek, bakalavriat va magistraturani tugatib, oliy maʼlumotga ega boʻlishga intiladilar. Bu oʻrta tibbiyot xodimlariga, faqatgina shifokorlar yordamchilari emas, balki mustaqil tibbiyot xodimlari boʻlish imkonini ham yaratgan.
Shu bilan birga hamshiralarning kasbi boʻyicha vakolatini oshirish shifokorlarning oʻzlarining ham ishlarini yengillashtiradi. Ular oʻz oʻrnida bunday mutaxassislarga oʻzlari bajarishga majbur boʻlgan bir qator vazifalarni ham ishonib topshiradi.
Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy soha masalalari boʻyicha Koreya instituti (KIHASA) vakili Seul Ki Choy onlayn forum ishtirokchilariga Koreya Respublikasidagi zamonaviy hamshira taʼlimi tizimiga bagʻishlangan ushbu mavzuni taqdim etdi.
Konferensiya davomida shuningdek, Oʻzbekistonda “hamshira taʼlimi”ni rivojlantirish maqsadida koʻrilayotgan choralar ham muhokama etildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligining Fan va taʼlim bosh boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Lutfi Yusupova, Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi direktori Lola Musadjanovalar soʻz yuritdilar.
Muhokama etilgan masalalarning dolzarbligi va Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy soha masalalari boʻyicha Koreya institutining tadqiqot ishlari tajribasini inobatga olgan holda tomonlar hamkorlikdagi ishlarini davom ettirishga kelishib oldilar. Ushbu hamkorlik mamlakat sogʻliqni saqlash sohasi oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish uchun tavsiyalar tayyorlashni, ushbu toifadagi mutaxassislarning vakolatini, statusini va nufuzini sezilarli darajada oshirishni maqsad qilgan. Ayniqsa Koreya misolidagi, bu yoʻnalishdagi muvaffaqiyatli xalqaro tajriba ushbu yoʻlning samarali ekanligini isbotladi.
Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.