Hamshiralar tibbiyotning yetakchi kuchi

    Farmonga koʻra, 20 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari uchun yangi ish oʻrinlari yaratilishi katta tarixiy voqelik boʻldi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligida 12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida 300 ming nafardan ortiq oʻrta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritmoqda. Ularning mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalari, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati tizimidagi faolligi, fidoyiligi hamda koronavirus infeksiyasining oldini olish, kasallikka chalingan bemorlarni davolash borasidagi matonatiyu patronaj tizimining asosiy boʻgʻini sifatidagi faoliyati tahsinga sazovordir.

    Shu bois ham davlatimiz rahbari tomonidan oʻrta tibbiyot xodimlari doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlanib kelinmoqda. Ushbu bayram arafasida Prezidentimiz tomonidan imzolangan Farmonga koʻra, 20 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari uchun yangi ish oʻrinlari yaratilishi katta tarixiy voqelik boʻldi.

    Tadbir doirasida vazirlik hamda Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi hamkorligida har yili oʻtkazib kelinadigan “Yilning eng yaxshi oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” anʼanaviy tanlovining respublika bosqichi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.

    Huddi shunday bayram tadbirlari yurtimizning barcha hududlarida ham oʻtkazilib, vazirlik binosidagi asosiy studiyaga viloyatlardagi bayram ishtirokchilari ham onlayn tarzda ulandi. Shu tariqa bir vaqtning oʻzida butun respublika boʻylab bayram shukuhi tarqaldi.

    Tanlovga kelsak, unda yurtimizdagi mavjud tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan oʻrta tibbiyot xodimlari “Yilning eng yaxshi hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi patronaj hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi muolaja hamshirasi”, “Yilning eng yaxshi tez tibbiy yordam stansiyasi hamshirasi” kabi 13 ta nominatsiya boʻyicha oʻzaro bellashgan edi. Respublika bosqichida har bir yoʻnalish boʻyicha 3 nafar (1-, 2- va 3-oʻrinlar boʻyicha) jami 39 nafar oʻrta tibbiyot xodimi gʻolib deb topilib, ular “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

    — Tibbiyot sohasida faoliyat yuritish uchun inson sabr-toqatli, mehrli, shirinsoʻz boʻlishi kerak, — deydi gʻoliblardan biri, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi kattalar jarrohligi jonlantirish boʻlimi hamshirasi Goʻzal Talaganova. — Ayniqsa, shoshilinch tez tibbiy yordam xizmatida ishlash alohida matonat va masʼuliyat talab etadi. Bunday deyishimga sabab markazimizga turli holatdagi bemorlar olib kelinadi. Ular orasida ahvoli oʻta ogʻir, zudlik bilan operatsiya qilinishi kerak boʻlganlari ham uchraydi. Biz hamshiralar tezda operatsiyaga tayyorlanib, ogʻir bemorlarni davolashda shifokorlarga eng yaqin koʻmakchi boʻlamiz. Bugun “Yilning eng yaxshi shoshilinch yordam hamshirasi” nominatsiyasida gʻolib deb topildim. Eʼtirofdan mamnunman. Kelgusida bundan-da fidoyilik bilan zimmamdagi masʼuliyatni bajarishga harakat qilaman.

    Shuningdek, bayram tadbirida 75 nafar eng faol hamshira esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.