“Hanshin Engineering & Construction” kompaniyasi Qoʻqonda zamonaviy turar-joy majmualarini quradi

    Urbanizatsiya 14 Noyabr 2020 2032

    Janubiy Koreya ishbilarmonlari delegatsiyasi “Qoʻqon — siti” zamonaviy turar-joy majmuasi qurilishi bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.

    Bugun Koreya – Oʻzbekiston biznes markazida mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi koʻmagida “Hanshin Engineering & Construction” kompaniyasining ijrochi direktori Choi Mun Gyu va Qoʻqon shahar hokimi Maʼruf Usmonov oʻrtasida onlayn tarzda muzokaralar oʻtkazildi.

    Uchrashuvda, shuningdek, Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vazirligi huzuridagi Koreya — Oʻzbekiston biznes uyushmasi raisining muovini Kim Chang Keon, “Plus International” kompaniyasi prezidenti Kim Dong Yul, “HSNK” kompaniyasi prezidenti Xan Man Gyon hamda Qoʻqon shahri hokimining oʻrinbosarlari ishtirok etdi.

    Tadbir davomida tomonlar “Qoʻqon-siti” hududida zamonaviy koʻp xonadonli turar-joy majmualarini qurish bilan bogʻliq bahs-munozaralarni davom ettirdi. Ushbu sarmoyaviy loyihani Qoʻqon shahrida ajratilgan jami 34 gektar maydonda amalga oshirish rejalashtirilgan.

    “Hanshin Engineering & Construction” kompaniyasi ijrochi direktori Choi Mun Gyuning maʼlum qilishicha, hozirgi epidemiologik vaziyatga qaramay, Janubiy Koreya tomoni 16-19-noyabr kunlari Qoʻqon shahriga delegatsiya joʻnatishga qaror qilgan. Tashrif doirasida Oʻzbekiston uy-joy bozoridagi vaziyatni batafsil oʻrganish, qurilish mollari yetkazib beruvchilar, loyihalashtirish institutlari bilan uchrashuv va muzokaralar tashkil etish, shuningdek, mazkur loyiha uchun ajratilgan hududni koʻzdan kechirish rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.