Har bir xalqning tarixi, ma'naviy qadriyatlari va qiyofasi, avvalo, ona tilida aks etadi. SHu bois, ona tilimizni yosh avlodga betalafot etkazish xalqimiz kelajagini asrash yo'lidagi muhim qadamdir.
Mamlakatimizda o'zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, ayniqsa, Vazirlar Mahkamasi huzurida Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining tashkil etilishi o'zbek tilining davlat tili sifatida nufuzini oshirish borasidagi ishlarni tizimli amalga oshirish imkoniyatini yanada kengaytirdi.
Mazkur departament, Xalq ta'limi vazirligi va Respublika ta'lim markazi hamkorligida O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan umumta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o'zbek tili o'qituvchilari o'rtasida “Yilning eng yaxshi o'zbek tili o'qituvchisi” tanlovi e'lon qilinishi bu borada olib borilayotgan ishlarning yana bir amaliy ifodasi bo'ldi.
Pandemiya sharoitiga qaramay, o'tgan yili Ma'naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti hamkorligida o'tkazilgan “O'zbek tili bo'yicha eng yaxshi videodars” tanlovida mamlakatimizdagi umumta'lim maktablarining to'rt yarim mingdan ortiq o'zbek tili o'qituvchisi faol ishtirok etdi. SHu o'rinda “Yilning eng yaxshi o'zbek tili o'qituvchisi” tanlovini tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad nima, degan savol tug'ilishi tabiiy.
Bundan muddao umumta'lim maktablaridagi o'zbek tili o'qituvchilari orasidan mahoratli, tashabbuskor pedagoglarni aniqlash, ularni munosib rag'batlantirish hamda o'zbek tilining davlat tili sifatida o'qitilishi bo'yicha zamonaviy yondashuvlarini ommalashtirishdan iboratdir.
Tanlov ikki yo'nalishda — ta'lim o'zbek tilida hamda rus va qardosh tillarda olib boriladigan o'quv muassasalaridagi o'qituvchilar orasidan g'oliblarni aniqlashni ko'zda tutadi.
Mazkur tanlov g'oliblari I darajali diplom, pul mukofoti, “O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishoni bilan mukofotlanadi. Sentyabr`-oktyabr` oylarida tanlovning tuman (shahar), viloyat hamda respublika bosqichlari o'tkaziladi. 21 oktyabr` — O'zbek tili bayrami arafasida tanlovning respublika bosqichi g'oliblari taqdirlanadi.
SHu yilning 20 iyulidan tanlovda qatnashish istagidagi o'qituvchilarni ro'yxatga olish boshlangan edi. Ayni kunlarda “Yilning eng yaxshi o'zbek tili o'qituvchisi” tanloviga ro'yxatga olish yakunlandi.
Hozirga qadar 24 ming 670 nafar o'qituvchi tanlovda qatnashish uchun ro'yxatdan o'tdi. Bu esa o'zbek tili o'qituvchilarining o'z kasbiy faoliyatini rivojlantirishga ishtiyoqi yuqoriligidan dalolat beradi.
Qolaversa, pedagoglar o'rtasida bunday tanlovlarning o'tkazilishi ularning o'zaro tajriba almashuvi, o'z ustida ko'proq ishlashi va izlanishi uchun sog'lom raqobat muhitini yaratadi. Sog'lom raqobat esa ta'limda rivojlanish va sifat darajasini oshirishga xizmat qiladi.