Qarorga koʻra, Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doirasida sohaning iqlim oʻzgarishiga moslashishi va uning iqlimga salbiy taʼsirini yumshatish, qurgʻoqchilik va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, yaylovlar bioxilmaxilligini saqlash (qayta tiklash), yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda sohaga keng joriy qilish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlarga Qishloq xoʻjaligi vazirligi masʼul etib belgilandi.
Qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish va sohaning iqlimga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha milliy dastur (Milliy dastur) tasdiqlandi.
Iqlim oʻzgarishiga bogʻliq boʻlgan hududlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish Milliy dasturning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish hamda himoya oʻrmonlari (ihota) barpo etish doirasida:
- choʻl, togʻli va togʻ oldi hududlarda choʻllanish va qum koʻchishi, tuproqning suv va shamol eroziyasining oldini olish hamda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida himoya oʻrmonlari (ihota) barpo etiladi;
- dala chetlari, yaylovlar va ochiq yer maydonlarini madaniy ekinlar, butalar, galofitlar va choʻl oʻsimliklari bilan qoplashning foydali tomonlari toʻgʻrisida tashabbuskorlarga koʻrgazmali seminarlar tashkil qilinadi.
2024-yil yakunigacha qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishlarini monitoring qilish, hisobotini yuritish va tasdiqlash global tizimi doirasida milliy platforma joriy qilinadi.
“Har bir fuqaro uchun – bir daraxt” tamoyili asosida koʻrik-tanlov tashkil etiladi va uni respublikada ommalashtirish choralari koʻriladi.