Har bir hokimga 1 tadan tumanni tanlab, elektr va gaz tejash boʻyicha namuna qilish topshirildi. Ushbu tumanlarda bu yil 750 million kilovatt elektr va 550 million kub metr gaz iqtisod qilinishiga erishish muhimligi taʼkidlandi.
“Tejash – yoʻqotishlarni kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga boʻlishi shart”, – dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda bundan buyon ilgʻor tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash boʻyicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi. Bunda:
- yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik isteʼmolchilar har uch yilda energiya auditidan oʻtadi;
- Energoinspeksiya har yili yirik isteʼmolchilar roʻyxatini eʼlon qilib boradi;
- auditdan oʻtmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bogʻliq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish topshirildi.