Prezidentimizning topshirigʻiga asosan, Moliya vazirligi huzurida suvdan foydalanish boʻyicha jamgʻarma tashkil etildi. Ushbu jamgʻarmada mablagʻlar toʻplanib, maqsadli ravishda ichimlik suv taʼminotini yaxshilashga sarflanyapti.
Buning natijasida 2017-yilda respublikamizda aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlanish darajasi 64 foiz boʻlgan boʻlsa, oxirgi ikki yil ichida 72 foizga chiqdi.
Ana shu davrda byudjet mablagʻlaridan tashqari xalqaro moliya institutlarining 1,9 milliard dollarlik mablagʻlari ham toza ichimlik suv taʼminoti va oqova tizimlarini barpo etish uchun sarflangan.
Prezidentimiz raisligida 17-iyul kuni hududlarda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda Prezidentimiz bu boradagi ishlarni kuchaytirish boʻyicha hokimlarga alohida topshiriq berdi. Ularga qisqa muddatlarda oʻz hududlarida ixtisoslashgan qurilish kompaniyalarini tashkil etish vazifasi topshirildi. Bu qurilish kompaniyalari kelajakda xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan boʻladigan qurilish tenderlarida qatnashib, qurilish ishlarini sifatli, arzon, xalqaro andozalar darajasida tashkil etishga oʻz ulushini qoʻshishi lozim.
Bundan tashqari, «Oʻzsuvtaʼminot» AJ loyihalarni har bir hududning oʻziga xosligidan kelib chiqib, hokimlar va aholi bilan maslahatlashib shakllantiradi.
Adiz BOBOYEV,
iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari