Har bir mahallada xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etiladi

    Ijtimoiy hayot 8 Noyabr 2022 2024

    Hukumat qarori (650–son, 08.11.2022-y.) bilan Mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari har bir mahallada tashkil etiladi va yuridik shaxs hisoblanmaydi.

    Markazlarda bitta ijtimoiy loyiha doirasida 20 nafargacha xotin-qizlarning doimiy bandligini taʼminlash maqsadida bandligi taʼminlanadigan har bir nafar ishsiz xotin-qiz uchun tadbirkorlarga 3 million soʻmgacha davlat granti ajratiladi.

    Davlat granti quyidagi toifadagi xotin-qizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqitish, ularning bandligini taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga koʻmaklashishga qaratilgan loyihalar uchun ajratiladi:

    ▫️“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga, shuningdek “Ayollar daftari”ga kiritilgan;

    ▫️ishsiz, ayniqsa, qishloq joylarda bola tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan;

    ▫️xorijiy mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan;

    ▫️nogironligi boʻlgan mehnatga layoqatli ishsiz;

    ▫️norasmiy bandlikni qisqartirish maqsadida kundalik mehnat faoliyati bilan shugʻullanib, daromad topayotgan;

    ▫️odam savdosidan hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushib qolgan;

    ▫️umumiy oʻrta va professional taʼlim muassasalarini tugatgan, OTMga oʻqishga kira olmagan yoki oliy taʼlimda oʻqish uchun imkoniyati boʻlmagan ishsiz xotin-qizlar;

    ▫️muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan, profilaktik roʻyxatga olingan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan xotin-qizlar.