Masʼul idoralar uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyot boʻyicha jilovni qoʻlga olib, xodimlarining dunyoqarashini oʻzgartirsa, ularni yangicha ishlashga oʻrgatsa, shunda natija boʻlishi koʻrsatib oʻtildi.
Shuning uchun ushbu 4 ta yoʻnalish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilib, birinchi navbatda Toshkent shahrida boshlanadi.
Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish boʻyicha “poytaxt namunasi” joriy etiladi. Har bir vazir bittadan tumanga biriktiriladi. Masalaning muhimligini inobatga olib, Prezident Administratsiyasi vakili ham bitta tumanga biriktiriladi.
Huquq-tartibot oliygohlari quyidagi muammolarni ilm bilan hal qiladi va metodik tavsiyasini tumanda joriy etadi. Oliygoh kafedralari olti oy davomida mahallaga tushib, “mahalla yettiligi” va huquq-tartibot xodimlarini yagona dastur boʻyicha oʻqitadi.
Huquq-tartibot oliygohlari 3-4 kurs talabalari ham dual taʼlim asosida profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot oʻtaydi.
Yangi tizim asosida xavfsiz muhit poytaxtga tutash boʻlgan va kriminogen vaziyatga taʼsir koʻrsatadigan Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida ham yaratiladi.