Har bir viloyatda daraxt ekish uchun kamida 20 gektardan yer ajratiladi

    Davlatimiz rahbari “Yashil makon” doirasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

    Toshkent viloyatida daraxt ekish boʻyicha boshlangan loyihaga koʻra, Nurafshon, Bekobod shahri, Oʻrtachirchiq, Toshkent va Ohangaron tumanlari hududidan 34 gektar yer 30-yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Har 1 gektar uchun mahalliy byudjetdan 100 million soʻm ajratilib, tomchilatib sugʻorish tizimi joriy qilinadi. Yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish xohishi bor aholiga oʻzi istagan turdagi koʻchatni ekishi uchun sharoit yaratiladi.

    Bu tashabbus maʼqullanib, har bir viloyatda kamida 20 gektardan yer ajratib, ushbu tajribani boshlash topshirildi. Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlaridagi kamida 2 tadan markaziy koʻchada mahalliy iqlimga mos gul koʻchatlarini ekib, ularni tematik koʻchaga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.