Toʻrtinchi yoʻnalish – qishloq xoʻjaligi hisobidan aholi daromadlarini oshirish.
Kambagʻallikni qisqartirishda aholiga 232 ming gektar yer boʻlib berilgani natijasida 770 ming odam daromad manbaiga ega boʻldi.
Lekin tajribasi yetishmagani, sifatli urugʻ, mahsulotiga bozor topishga qiynalgani uchun ularning uchdan birida daromad kam.
Tomorqa egalariga serhosil urugʻni tanlash, ishni toʻgʻri tashkil etish orqali yerdan daromadni keskin oshirishni oʻrgatish maqsadida Termiz tumanida Tomorqa maktabi tashkil qilindi.
Ushbu maktabda tomorqaga ilm bilan yondashib, bir yilda Surxondaryo sharoitida 5-martagacha ekin ekish oʻrgatilyapti. 3 ming nafar ehtiyojmand aholi sitrus meva, anjir, xurmo, gul yetishtirish boʻyicha maxsus kurslarda oʻqitildi.
Agar bu tajriba barcha hududlarda joriy qilinsa, mahsulot yetishtirish ham, eksport ham, asosiysi, dehqonlarning daromadi ham 4-5 karra koʻpayadi.
Shu bois, har bir viloyatda kamida 5 tadan bunday maktablarni tashkil qilib, ijaraga yer olgan odamlarni serdaromad ekin ekishga oʻrgatish topshirildi. Dehqonlar ijaraga olgan yerida yetishtirgan mahsulotni kafolatli sotishi uchun “Eksportchi kooperativlari” tashkil qilinadi.








