Har bir xonadondan hol soʻralyapti, koʻmak berilyapti

    Oqqoʻrgʻon tumani “Eltamgʻali” mahallasining Nurli koʻchasidagi 13-uyga kirib borganimizda, tomorqada issiqxona qurilishi nihoyasiga yetayotgandi

    Ishli boʻldik, daromadimiz ham koʻpayadi

    Davlatimiz rahbarining shu yil 18-19-mart kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshirigʻiga muvofiq, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda “Tomorqa xizmati” MCHJ mutaxassislari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh aʼzolari bilan birga viloyatning Oqqoʻrgʻon va Quyi Chirchiq tumanlarida boʻldik.

    Oqqoʻrgʻon tumani “Eltamgʻali” mahallasining Nurli koʻchasidagi 13-uyga kirib borganimizda, tomorqada issiqxona qurilishi nihoyasiga yetayotgandi.

    — Oilaviy sharoitimiz ogʻir, ikkinchi guruh nogironiman, ancha vaqtdan beri astmadan aziyat chekaman, — deydi xonadon sohibasi Karima opa. — Kelinim “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Mablagʻimiz yoʻqligi sababli tomorqamizda ekin ekishga qiynalayotgan edik. Mana, masʼullar uyimizga kelib, oʻzlari bir sotix yerga bepul issiqxona qurib, kamiga koʻchat ham berdi. Ishli boʻldik, nasib boʻlsa, endi daromadimiz ham koʻpayadi. Koʻchamizdagi har bir xonadonga kirib, hol soʻralyapti, koʻmak berilyapti. Ilgari bunaqa ishlarni tasavvur qilish qiyin edi. Shunday xayr-saxovatli, ezgu ishlarni yoʻlga qoʻygan davlatimiz rahbariga ming rahmat!

    “Sifatli tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Rustam Abdullayevning aytishicha, “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan Karima opaga oʻxshagan yana 18 xotin-qizga tuman Bandlikka koʻmaklashish markazi hisobidan bepul issiqxonalar qurib berilyapti.

    Bir mahalla — bir mahsulot

    Taʼkidlash joizki, ishchi guruh aʼzolari joylarda xonadonma-xonadon yurib, tomorqa yer egalariga yerdan maqsadli va samarali foydalanish, urugʻ, koʻchat ekish, issiqxona qurish boʻyicha tegishli maslahatlar bermoqda, shuningdek, aholini qiynayotgan muammolarni tizimli oʻrganib, amaliy yordam koʻrsatyapti.

    Oʻtgan yili viloyatdagi 245 ta mahalla “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtirilib, mahsulot yetishtirdi. Joriy yilda ham bunday ezgu ishlar davom ettirilib, 296 ta mahallada yuqoridagi tamoyil asosida mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Ekish ishlari sust boʻlgan 86 ta mahalla alohida nazoratga olinib, tomorqalarni ekishga tayyorlash va koʻchatlar ekishda yordam koʻrsatilyapti.

    — Aholi tomorqalarida chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, baliqchilik, asalarichilik va bogʻdorchilikni rivoj­lantirish orqali fuqarolar daromadini ikki barobar oshirish koʻzda tutilgan, — deydi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi oʻrinbosari Abdushokir Rahimov. — Viloyatning har bir sektori hududida kamida yuztadan xonadonda 1-1,5 sotixli 8000 ta issiqxona barpo etiladi. Shu maqsadda Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 38 milliard 500 million soʻm, tijorat banklaridan esa 24 milliard soʻm ajratildi.

    Viloyatdagi aholi tomorqalariga ekish uchun kengash huzuridagi Quva tomorqachilik markazidan 51 ming tup, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridan 149 ming tup mevali daraxt koʻchati arzon narxlarda olib kelindi va tarqatilmoqda. Hozirgacha 576 ming tup sabzavot koʻchati ekish uchun aholiga berildi.

    “Ayollar daftari”ga kirgan 1933 kishiga salohiyatli fermerlar va tomorqa xizmati korxonalari biriktirildi va ular tomonidan 170 ta tomorqa ekishga tayyorlandi, 2410 tup mevali daraxt koʻchati, 9600 ta sabzavot niholi bepul yetkazilib, 23 ta ixcham issiqxona qurib berildi. Bugungi kunda Oqqoʻrgʻon tumanida 3 ta “Tomorqa xizmati” MCHJ faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ular tomonidan 21 ta mahalladagi 13808 ta xonadonga 100 ming tup koʻchat tarqatildi. Tomorqachilar 15 ta motokultivator bilan taʼminlandi. “Temir daftar”dagi 348 ta xonadonga mahalliy byudjet mablagʻi hisobidan 3500 ta koʻchat olib berildi.

    Biz borgan “Eltamgʻali” mahallasidagi Oʻrikzor, Nurli, Doʻstlik koʻchalari sharoiti ogʻir hudud hisoblanadi. Aholining oʻz tomorqalaridan samarali foydalanishi ahvoli oʻrganilganda, xonadonlarning 15 foizida tomorqa shudgorlanmagani, 36 tasida mevali daraxt ekilmagani aniqlandi.

    Muammolarni joyida hal etish maqsadida “Jumadullo Shukrullo tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan motokultivator yordamida tomorqalar shudgorlanib, ekishga shay qilib qoʻyildi. Oʻrganish jarayonida 8 ta xonadon egasi issiqxona qurish, 3 ta xonadon egasi tovuq va kurka, bitta xonadon egasi esa quyon va asalari boqish istagini bildirdi. Shu bois, ular imtiyozli kredit oluvchilar roʻyxatiga kiritildi.

    “Ayollar daftari”dan chiqib, tadbirkorga aylandim

    Xalqimizda “Yerni boqsang, yer seni boqadi”, degan dono naql bor. Bugungi kunda har jabhada boʻlayotgan oʻzgarishlar, yangilanishlar insonni izlanishga undashi tabiiy. Ayniqsa, tomorqasi bor fuqarolar uchun imkoniyatlar koʻlami juda ham kengaydi.

    — Ilgari nochor ahvolda yashardik. 4 farzandimning kam-koʻstini toʻldira olmay, koʻnglim ezilgan vaqtlar koʻp boʻlgan. Shundan soʻng meni “Ayollar daftari” roʻyxatiga olishdi, — deydi Doʻstlik koʻchasida yashovchi Kamola Anorqulova. — Soʻng­gi yillarda ayollarga juda koʻp imkoniyatlar yaratib berildi. Men ham “Ayollar daftari” roʻyxatidan chiqib, kichik tadbirkorga aylandim. Bizga shunday shart-sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizdan, hukumatimizdan juda-juda ham minnatdorman.

    Ha, Kamola Anorqulova endi tadbirkor. Tomorqasidagi 2 sotix issiqxonasidan moʻmay daromad olmoqda. Kuzda ekilgan rediskasidan besh million soʻm daromad olgan oila ayni damda pomidor va boshqa ekinlar koʻchatlarini yetishtirmoqda. Fevral oyida issiqxonaga ekilgan yetti yuz tup pomidor koʻchati may oyi boshlarida hosil beradi. Ishbilarmon ayol issiqxonasini koʻpaytirib, dehqonchilik koʻlamini yana-da kengaytirmoqchi.

    Birni koʻrib fikr qil, birni koʻrib...

    Kunning ikkinchi yarmida Quyi Chirchiq tumanining “Chaqmoq” mahallasiga kirib bordik. 3263 kishi istiqomat qiladigan bu mahallada 39 xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ayni paytda ularning 9 nafari ish bilan taʼminlanib, daftardan chiqarildi.

    — Toʻqqiz farzandim, 12 nevaram va bir nechta chevaram bor. Xudo xohlasa, yaqinda 87 yoshga kiraman, — deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Qurbongul momo. — Nevara kelinim “Temir daftar”da roʻyxatda turadi. Juda ogʻir kunlarni koʻrganman, uch bolam nogiron. Ilgari rahbarlar uyma-uy yurib, nima kamchiliging bor, nima yetishmaydi, qanday koʻmak kerak senga, deganini sira eshitmaganman. Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikni koʻrmaganman ham. Bayramlarda birrov hol soʻrab kelishardi mahalla yo hokimlikdanmiz deb... Men har kuni yurt otasini duo qilaman, negaki, soʻnggi yillarda bizday nochorlarga eʼtibor kuchaydi. Deyarli har haftada holimizdan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari berilyapti. Bu ham rizq-da, bolam. Kecha
    10 ta tovuq berib ketishdi. Ilohim, yurtimiz tinch, dasturxonimiz toʻkin, davlatimiz rahbarining boshi omon boʻlsin.

    Ishchi guruh aʼzolari oʻrganishlari jarayonida “Chaqmoq” mahalladagi 9 ta xonadonga 10 tadan parranda, 10 ta xonadonga 5 qutidan asalari, 7 ta xonadonga 10 tadan quyon, 24 ta xonadonga mevali daraxt koʻchatlari berildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 28 nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlash zarurligi ham maʼlum boʻldi.

    Tun pardasin zamin uzra yopishga shaylanayotgan vaqtda ham ishchi guruh vakillari mazkur mahallaning ogʻriqli nuqtalari va tashvishlarini oʻrganishda davom etdi. Muammolar esa yetarli. Tomorqalarning 25-30 foiziga ekin ekilmagan, 0,12 gektar tomorqa shudgorlanmagan. Bundan xulosa shuki, hali ham ayrim odamlar boqimandalik kayfiyatida.

    Shukrona keltir...

    Kun davomida Oqqoʻrgʻon va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bir qancha xonadonlarda boʻldik. Odamlarning quvonch va tashvish­lari, muammolarini oʻrgandik. Turli kishilar bilan suhbatlashdik. Ular orasida tomorqasidan unumli foydalanishni istab yordam soʻraganlar va bu yorugʻ kunlar uchun duoga qoʻl ochib, shukrona keltirganlarni ham, boʻy-basti kelishgan, oyoq-qoʻli but, lekin oʻz tomorqasida ishlashni istamay, yerning umrini oʻtkazayotgan, boʻm-boʻsh yotgan yerga bir tupgina nihol oʻtqazmaganlarni ham uchratdik. Afsus...

    Ishni tugatib uyga qaytar ekanman, koʻng­limdan bunday gaplar kechdi:

    “Ey zamondoshim, atrofga bir qara, teran nazar sol, shunday dorilamon kunlarni hech koʻrganmisan oʻzi? Mahallama-mahalla yurib, xonadoningga kirib holingni soʻraydigan, yeringni shudgorlab, koʻchatingni oʻtqazib, kamu koʻstingni toʻldirib, ogʻiringni yengil qilib, yoʻgʻingni bor qilganlarni-chi?

    Qoʻllaringni koʻksingga qoʻy-da, jannatmonand yurtda shu muqaddas zaminning har bir fuqarosini baxtiyor etishga chogʻlangan, toʻkin yashashi uchun borligʻini berayotgan insonlar qurshovida yashayotganliging uchun ­shukrona keltir, shukronalar qil!”.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri