Goh onadek mehribon, goh singildek begʻubor, goh esa or-nomusdek muqaddas, deb biladi. Vatan qalbda yashaydi. Uni soʻz bilan taʼriflash qiyin, ammo himoya qilish barchamiz uchun sharafli burchdir.
Bugun tinch osmon ostida yashar ekanmiz, bu osoyishtalik oʻz-oʻzidan kelmaganini anglashimiz zarur. Har bir tinch tong, har bir xotirjam tun ortida fidoyilik, jasorat va masʼuliyat mujassam. Vatan himoyasi faqat qurol tutgan qoʻllar bilan emas, balki hushyor tafakkur, pok niyat va sadoqat bilan amalga oshadi. Shuning uchun ham “Vatan himoyasi — har birimizning vijdoniy masʼuliyatimiz” degan tushuncha bugungi kun ruhiga ayni mos keladi.
Ana shunday yuksak gʻoya va maqsadlar asosida mamlakatimiz boʻylab 2025-yil 15-dekabrdan 2026-yil 15-yanvarga qadar “Milliy armiya — ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bunday targʻibot tadbirlarida Qurolli kuchlarimiz, harbiylar, xususan, Fargʻona davlat universiteti jamoasi, uning harbiy taʼlim fakulteti oʻqituvchi va talabalari faol ishtirok etmoqda.
Har bir insonning qalbida, eng avvalo, oʻz vataniga boʻlgan cheksiz muhabbat va hurmat mavjud. Bu hislar nafaqat tarixiy merosni, balki kelajakka boʻlgan masʼuliyatni ham oʻz ichiga oladi. Vatan himoyasi faqatgina armiya yoki harbiy tashkilotlar ishi, deb oʻylash notoʻgʻri. Aksincha, vatan himoyasiga har birimiz masʼulmiz. Bugun dunyoda, iqtisodiy, siyosiy va axborot sohalarida keng tarqalgan tahdidlarga qarshi birlashish va birgalikda kurashish hayotiy zarurat.
Vatan himoyasi birgina harbiy janglarda ishtirok etish bilan cheklanmaydi. Har bir fuqaro oʻzining ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda qiladigan ishlari orqali ham vatan himoyasiga hissa qoʻshishi kerak. Yaxshi pedagoglar, olimlar, shifokorlar va boshqa mutaxassislar ham oʻz mehnatlari bilan vataniga xizmat qiladi. Ularning faoliyati xalqni tarbiyalash, bilim berish, sogʻliqni saqlash va jamiyatni rivojlantirishga qaratilgan. Demak, har bir insonning oʻz sohasidagi masʼuliyati va fidoyiligi vatan himoyasining ajralmas qismi sanaladi.
Iqtisodiy mustaqillik ham Vatan himoyasining poydevori. Agar davlat iqtisodiy jihatdan mustahkam boʻlmasa, unga tashqi kuchlar tomonidan tahdidlar xavfi mavjud boʻladi. Shu bois, iqtisodiy rivojlanish va oʻz resurslarimizdan samarali foydalanish har bir fuqaroning masʼuliyati hisoblanadi. Xaridlarimiz, ishimiz, ishlab chiqarishimiz va isteʼmolimiz milliy iqtisodiyotimizni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida keltirilgan iqtisodiy koʻrsatkichlar buning yorqin namunasidir. 2025-yilda yalpi ichki mahsulot 145 milliard dollardan oʻtdi. Joriy yilda eksport 20 foizga oshirilib, 33,4 milliard dollarga yetkaziladi, oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 60 milliard dollardan oshdi. Bu yutuqlar nafaqat iqtisodiy rivojlanishni, balki Vatan himoyasining iqtisodiy poydevorini mustahkamlashni koʻrsatadi, chunki mustaqil iqtisodiyot tashqi tahdidlarga qarshi eng kuchli qalqon.
Vatan himoyasining yana bir muhim sohasi — axborot va maʼnaviyat himoyasi. Hozirgi kunda axborot urushi dunyoning turli burchaklarida davom etmoqda. Yangi texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali notoʻgʻri, manipulyatsion va xatoliklar bilan toʻla axborotlar tarqatilmoqda. Bu axborotlar faqat davlatlar orasidagi munosabatlarni buzish bilan cheklanmaydi, balki odamlar orasida oʻzaro ishonchsizlik, nafrat va hasadni keltirib chiqaradi. Shuning uchun, har bir fuqaroning masʼuliyati toʻgʻri, haqqoniy axborotlar tarqatish va yolgʻonlarga qarshi turishdir.
Vatan himoyasi nafaqat hududiy, balki maʼnaviy va madaniy jihatdan ham amalga oshiriladi. Qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, tilimiz va milliy anʼanalarga boʻlgan hurmatimiz vatan himoyasining mustahkam poydevori. Agar biz oʻz madaniy merosimizni unutib, unga nisbatan befarq boʻlsak, bu nafaqat kelajagimizni xavf ostiga qoʻyadi, balki xalqimizning ruhiy barqarorligini ham buzadi. Shuning uchun har birimiz tilimizni, tariximizni, milliy qadriyatlarimizni saqlashga, yosh avlodga oʻrgatishga masʼuliyatli yondashishimiz zarur. Bularning bari mamlakatimiz mustahkamligini taʼminlaydi. Vatan himoyasi nafaqat jangovar harakatlarni, balki ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va axborot sohalarida olib borilayotgan harakatlarni ham oʻz ichiga oladi. Zero, har bir fuqaro el-yurt oldidagi oʻrnini chuqur anglab, jamiyatga hissa qoʻshmogʻi oliy sharafdir.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori,
professor