Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetiga qarashli talabalar turar joylarida Navro'z umumxalq bayrami munosabati bilan mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish bo'yicha olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning amaldagi ifodasi sifatida, milliy qadriyatlarimizni o'zida aks ettirgan badiiy-musiqiy chiqishlar, sport musobaqalari va turli tanlovlardan iborat “Har kuning Navro'z bo'lsin, jonajon yurtim!” shiori ostidagi bayram sayllari bo'lib o'tdi.
Mazkur bayram sayllarida O'zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, universitet prorektorlari, bo'lim boshliqlari, fakul`tet dekanlari, professor-o'qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, bayram tadbiriga Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Olmazor tumani “Yoshlik” talabalar shaharchasi va boshqa idora-tashkilot vakillari mehmon sifatida taklif qilindi.
Bayram sayllari davomida universitetga qarashli barcha talabalar turar joylari hududi bo'ylab respublikamiz viloyatlarining urf-odatlari va milliy qadriyat va an'analarining namoyishi, talaba-yoshlar o'rtasida “Mohir oshpazlar” ko'rik-tanlovi hamda turli sport o'yinlari, jumladan, kurash, arqon tortish, tosh ko'tarish, stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari o'tkazildi. Bayram sayliga tashrif buyurgan mehmonlar talabalar tomonidan tashkil etilgan sahna ko'rinishlarini tomosha qildilar.
O'zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov professor-o'qituvchilar, talaba-yoshlarni bayram bilan tabriklab, o'z so'zida Navro'zi olam azal-azaldan keng nishonlanib, insonlar o'rtasida mehr-muruvvat, diyonat, adolat va insoniylik tamoyilini targ'ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.
Bayram sayli davomida hakamlar hay'ati raisi va a'zolari talabalar turar joylari o'rtasida o'tkazilgan viloyatlarning urf-odatlari va milliy qadriyatlari namoyishi, fakultet talaba-yoshlari o'rtasida o'tkazilgan “Mohir oshpazlar” osh chempionatini ko'zdan kechirib baholab bordilar.
Necha ming yillar davomida azaliy qadriyatlarimizni o'zida mujassam etib, ajdodlarimizdan bizga meros bo'lib kelayotgan Navro'zning o'rni va mohiyati bugungi kunda ham oshib bormoqda. Xalqimiz uchun tabiat uyg'onishi, sharqona yangi yilning boshlanishi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo'lmish Navro'z ayyomining yurtimizning barcha hudud va mintaqalarida har tomonlama chuqur tayyorgarlik bilan kutib olinayotgani va mangu go'zal an'anaga aylanib borayotganligi quvonarlidir.
Ilhomjon Xudoynazarov,
O'zMU Axborot xizmati rahbari