Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi. Soʻnggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi va Bojxona instituti hamkorligida buyuk mutafakkirning 581-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan Har ne istarsen, oʻzingdin istagil” mavzusidagi madaniy-maʼrifiy tadbir ham ana shunday Tadbirda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi rahbariyati, ijodkorlari, Bojxona instituti ofitser va kursantlari ishtirok etdi. Navoiyshunos ijodkorlar tomonidan Navoiyning gʻazallari va unda koʻtarilgan insonparvarlik, vatanparvarlik gʻoyalarini talqini toʻgʻrisida soʻz borib, Bojxona instituti kursantlarining gʻazalxonlik chiqishlari havola etildi. Gʻazallarning boshqa tillarga tarjimasi ham kursantlar tilidan gʻoyat aniq va ravon yodlangani diqqatga sazovor.

Tadbirda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan Bojxona instituti kursantlariga 40 turdagi 300 dan ortiq kitoblar sovgʻa qilindi. Shuningdek Davlat bojxona organlari xodimlari va kursantlari oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib etishdagi hamkorligi uchun bir qator yozuvchi va ijodkorlar Davlat bojxona qoʻmitasining 30 yilligi munosabati bilan “Koʻkrak nishoni” va “Esdalik qoʻl soat”lari bilan taqdirlandilar.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri