Yig'ilishda belgilangan topshiriqlar bo'yicha mas'ullar har bir tumanga borib, tuman va shahar hokimlari bilan birga muammolarni o'rganadi, yechimini topadi, maktab direktorlari va o'qituvchilari bilan ishlarni tashkil etadi, maktablarda ta'lim sifati va shart-sharoitlarni yaxshilash bo'yicha tuman va shaharlarning reytingini joriy qiladi, yaxshi ishlagan tuman rahbarlarini mukofotlash, yomon ishlaganlarini esa ishdan olish bo'yicha taklif kiritadi.
Bu vazifalarni to'laqonli bajarish maqsadida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev avvalroq har oyning ikkinchi seshanbasini viloyatda “Maktablar kuni” deb belgilagan edi.
Shu maqsadda, ertaga viloyat sektor rahbarlari, viloyat hokimining o'rinbosarlari, boshqarma va tashkilot rahbarlari hududlardagi umumta'lim maktablariga borib, u yerdagi mavjud muammolar bilan yaqindan tanishadi. Viloyat rahbarlari uchun ochiq darslar tashkil etiladi. Shuningdek, ta'lim muassassasining moddiy-texnik bazasi, to'garaklar faoliyati, davomat masalasi o'rganiladi.
Toshkent viloyati hokimligi
Axborot xizmati