Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati rahmati Gulchehra SHaripovaning yozishicha, 1 iyun` — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Jizzax davlat pedagogika instituti rektori SH.SHaripov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga bordi.
"Biz siz bilan doimo birgamiz!” shiori ostida markazda davolanayotgan bemor bolalar holidan xabar olindi. Ko'ngil olish, dalda berish niyatida tashkillashtirilgan uchrashuv haqiqiy bayramga aylandi. Dastur davomida bemor bolajonlarning har biriga bayram munosabati bilan sovg'alar ulashildi.
— Bugungi tadbir men uchun quvonchli kunlarimdan biriga aylandi. Farzandim kulgan kun men uchun eng ajoyib kun. e'tibordan ko'nglim ko'tarildi. Men qatori umid bilan bolalari shifo topishini istayotgan ota-onalarga aytilayotgan har bir tilak, shirin so'z dalda, malham va madad bo'ldi — deydi Dilnoza Norqo'zieva.
Darhaqiqat dunyoda bola kulgisiyu sho'x-shodon qiyqirig'idan-da beg'ubor narsa bo'lmasa kerak. Osmon misoli musaffo, tim qora ko'zlarini sizga qadagancha, tabassum bilan kuyga hamohang raqsga tushayotgan, jajji qo'lchalari bilan qarsak chalayotgan, murg'ak qalbi bilan mushohada qilishga urinayotgan, qo'lidagi sovg'alarga bolalarcha hayrat bilan boqayotgan bolajonlar nurli chehrasiga ko'zingiz tushganda hayot tashvishlarini unutasiz. Ulardagi beg'uborlik, soflik sizga ham ko'chadi...