Har sigirdan yiliga 6000 – 7000 kilogrammgacha sut olayapmiz

    Agrosektor 4 Mart 2021 1095

    Golshtin-friz zoti bizning iqlim sharoitimizga juda tez moslashar ekan.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi(Oʻzagroinspeksiya)ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan jurnalist va bilogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

    Unda sohada amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratildi. Press-tur ishtirokchilarining dastlabki manzili Qarshi tumanidagi “Fayzobod naslli chorva” masʼuliyati cheklangan jamiyati boʻldi.

    Maʼlumotlarga koʻra, 2017-yilda Germaniyadan 32 bosh “Golshtin-friz” zotiga mansub yosh mollarni olib kelish bilan faoliyatini boshlagan subyekt joriy 2021-yil boshida xorijdan yana 62 bosh nasli gʻunajin xarid qilgan. Bu bilan korxonaning chorvachilik kompleksida parvarishlanayotgan zotli mollari soni 94 taga yetgan. Quvonarlisi, olinayotgan buzoqlar esa shartnoma asosida boshqa subyektlarga yetkazib berilmoqda.

    – Golshtin-friz zoti bizning iqlim sharoitimizga juda tez moslashar ekan, – deydi jamiyat raisi Sanjar Ergashev. – Shu vaqtgacha olib kelgan sigirlarimizdan birorta ham yoʻqotish boʻlmadi. Ozuqani ham oʻz imkoniyatlarimizdan kelib chiqib berayapmiz. Har sigirdan yiliga 6000 – 7000 kilogrammgacha sut olayapmiz.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Abduqayum Beknazarov jurnalist va blogerlarga shu yerning oʻzida “Fayzobod naslli chorva” MCHJ misolida viloyatda tarmoqni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, inspeksiyaning bu boradagi vazifalari xususida keng maʼlumot berib oʻtdi.

    Press-tur davomida yana Qarshi tumanidagi “Silver fiber agro” kooperatsiyasida 2021-yil hosili uchun urugʻlik chigit tayyorlash jarayoni hamda Qarshi shahridagi “Dunyo-M” aksiyadorlik jamiyatida don, urugʻlar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishi borasidagi ishlar bilan ham tanishildi.

    Sarvinoz Ismoilova,

    “Oʻzagroinspeksiya” ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi

    axborot xizmati bosh inspektori