Qarorga koʻra, 2021-yilda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ichki resurslar hisobidan taʼminlash darajasi oshiriladi.
Qaror bilan hududlar kesimida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning prognoz hajmlari tasdiqlandi.
Shunga koʻra, respublika boʻyicha jami 2 449 108 tonna kartoshka, 227 222 tonna guruch, 1 584 863 tonna goʻsht, 8 124 595 ming dona tuxum ishlab chiqarish belgilangan.
Shuningdek, 78 000 tonna oʻsimlik yogʻi, 64 000 tonna shakar, 300 000 tonna kartoshka, 40 000 tonna goʻsht import asosida keltirilishi nazarda tutilgan.
Qaror bilan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, ularni ichki bozorga tizimli yetkazib berish hamda narxlarni doimiy monitoring qilish va tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.
Respublika ishchi guruhi rahbari Bosh vazirning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi.
Har yili ekib kelinayotgan kartoshka maydonlaridan kamida 10 foizga koʻp maydonga, jami 87 ming gektardan kam boʻlmagan maydonlarga kartoshka ekilishi uchun urugʻlik zaxirasi yaratiladi.
2021-yildan tuproq va iqlim sharoiti, suv taʼminoti yaxshi boʻlgan qulay hududlarda 1 gektargacha boʻlgan maydonlarda kartoshka yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.
Chetdan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari keltirish maqsadlari uchun tijorat banklari xoʻjalik yurituvchi subyektlarga aylanma mablagʻlar uchun belgilangan tartibda kreditlar ajratadi.