Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion soʻm kredit va 1,5 trillion soʻm subsidiyalar ajratilmoqda

    Hukumat 15 May 2023 1952

    Prezident raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlashda yangi bosqichga oʻtish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

    Qayd etilganidek, oxirgi uch yilda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha alohida tizim joriy qilinib, moliyaviy instrumentlar, infratuzilma masalalari hal qilindi.

    Joriy yil boshida tumanlar 5 ta toifaga ajratilib, har biriga sharoitiga qarab yengilliklar berildi.

    Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion soʻm kredit va 1,5 trillion soʻm subsidiyalar ajratilmoqda.

    Natijada oʻtgan yili 1 million nafar, 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambagʻallikdan chiqarildi.

    “Uchta daftar” va Ijtimoiy himoya reyestri orqali 2 million 300 ming muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olindi.

    Har yili 100 mingta zamonaviy korxona ishga tushmoqda. Ularga 300-400 ming malakali mutaxassis kerak. Shuningdek, xususiy sektorda yiliga 200 mingta boʻsh ish oʻrni paydo boʻlmoqda.

    Lekin kasb-hunar maktablari, kollej, texnikum va monomarkazlarda buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga salohiyati hali yetarli emas.

    Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga koʻpaydi. Bu bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi degani.

    Prezident joylarda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilinib, ular qoʻllab-quvvatlansa, tumanda, mahallada bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar yanada koʻpayishini taʼkidladi.