– Avvalo, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining mamlakatimiz hayotida muhim voqea boʻlgan, bugungi syezdida ishtirok etayotganimdan, barchangizni mana shunday koʻtarinki kayfiyatda koʻrib turganimdan gʻoyat mamnunman.

Sizlar bilan partiyamiz tashkil etilgan kundan boshlab, barcha masalalarda hamfikr boʻlib, hayot oldimizga qoʻyayotgan dolzarb vazifalarni birgalikda samarali bajarib kelmoqdamiz.

Yurtimiz siyosiy maydonida katta nufuzga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi syezdining Siz, hurmatli delegatlari va faollari menga yuksak ishonch bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga, nomzodimni koʻrsatganingizni, behad qadrlayman. Bu, men uchun yuksak sharaf va ayni paytda, ulkan masʼuliyat ekanini, yurak-yurakdan his etmoqdaman.

Bundan besh yil oldin, men partiyamiz minbaridan oʻz saylovoldi dasturimni eʼlon qilgan edim. Ushbu dasturda davlat va jamiyatimizni yanada isloh qilish, fuqarolarimizning hayotiy muammolarini hal etish va orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishni oliy maqsad etib belgilagan edik.

Besh yil mobaynida aholi farovonligini taʼminlash va uning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlash borasida nimalarga erishdik? Qanday marralarni egalladik? Kamchiliklar nimalardan iborat boʻldi?

Dasturimizdagi ezgu maqsadlarni hayotga toʻliq tatbiq etish uchun, 2017–2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilindi.

Qisqa davrda mamlakatimizda yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahalla qolmadi, desam, ayni haqiqatdir.

Shu borada bir fikrni alohida taʼkidlab aytishni istardim: bugungi kunda davlatimiz inson uchun, xalq uchun ochildi. Xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, muammolarini ijobiy hal etish boʻyicha, mutlaqo yangi tizim yaratdik.

Davlat tashkilotlari ish faoliyatida “mahallaga tushish”, “xalq ichiga kirish, uning “dardiga quloq solish”, “tashvishiga sherik boʻlish” va “muammolarni joyida hal etish” tamoyillari, asosiy mezonga aylandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.