Harbiy texnikalar qishki mavsumda foydalanish rejimiga oʻtkazilmoqda

    Harbiy 6 Oktabr 2020 3337

    Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda qoʻshinlardagi eng masʼuliyatli tadbirlardan biri – qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni qishki mavsumda foydalanish rejimiga oʻtkazish ishlari boshlandi.

    Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.

    Ushbu kompleks tadbirlar harbiy texnikalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning sovuq sharoitida sozligini taʼminlash uchun oʻtkaziladi.

    Taʼkidlash joizki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati oʻlkamizning Shimoli-gʻarbiy tomonida joylashgani bois, qishning sovuq kunlari bu yerda ertaroq kelishi kutiladi. Shuning uchun Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda jangovar va harbiy texnika hamda qurol-yarogʻlarni yozgi mavsumdan qishki mavsumda foydalanish uchun hozirlash boshqa harbiy okruglarga qaraganda ancha oldin boshlanadi.

    Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida qurol-yarogʻ va harbiy texnikalarni yozgi sharoitdan qishki sharoitda foydalanish rejimiga oʻtkazish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulot ham tashkil etildi.

    Mashgʻulotda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, okrug qoʻmondonligi hamda Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlarning komandirlik lavozimidagi harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

    Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini taʼminlash, ularni soz holatda saqlashda koʻrsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati kattaligi taʼkidlandi. Har bir komandir, har bir harbiy xizmatchi oʻziga biriktirilgan qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning soz va shayligi uchun masʼul ekanligi eslatildi.

    Koʻrgazmali mashgʻulotni tashkil etish uchun harbiy qismning jangovar va harbiy texnikalarni saqlash parkida oltita oʻquv nuqtasi tashkil etildi. U yerda jangovar mashina, tank, zirhli transportyor, zenit-artilleriya qurilmalari, maxsus texnika, qurol-yarogʻ va boshqa texnikalarni qishki sharoitda foydalanish rejimiga oʻtkazish ishlarining ahamiyati, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, tashkil etilgan postlarda samarali va sifatli ish olib borish, qurol-yarogʻ va texnikani ob-havoning harorati past sharoitlarda ishlatish qoidalari, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha mutaxassislar tomonidan yoʻriqnomalar berildi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga oʻtkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.

    Tadbir rejasiga koʻra oktyabr oyining oxirigacha Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlaridagi mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalarning barchasi qishki mavsumda foydalanish uchun shay holatga keltiriladi.