Harbiy xizmatchi oilasida uch egizak dunyoga keldi

    Harbiy 12 Iyun 2021 1244

    Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi tasarrufidagi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan harbiy qism shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchisi oddiy askar Abdulla Sapayevning xonadonida quvonchli voqea yuz berdi. Abdulla bir yoʻla uch egizak farzandning otasiga aylandi.

    U farzandlariga katta umidlar ila Marhabo, Mirjahon va Sherjahon deb ism qoʻydi.

    Chaqaloqlarni kutib olish uchun ular istiqomat qilayotgan koʻp qavatli uy hovlisida toʻplangan Abdullaning safdoshlari, yaqinlari, qoʻni-qoʻshnilar va bolajonlarning yuzlarida tabassum. Barchalari yangi mehmonlarning tashrifidan mamnun boʻlishib, toʻy tantanasidek ajib halovat tuyishardi.

    Quvonchli voqea qoʻmondonlik rahbariyati va harbiy qism jamoasining ham eʼtiboridan chetda qolmadi. Yangi tugʻilgan chaqaloqlar uchun bolalar aravachasi va sovgʻa-salomlar olinib, yosh va baxtiyor ota-onalarga tantanali ravishda topshirildi.

    Bundan esa hammadan ham koʻra koʻproq harbiy xizmatchining turmush oʻrtogʻi Mohira Matniyozova xursand boʻlib, taqdirini Vatan himoyachisi bilan bogʻlaganidan faxrlanishini aytib oʻtdi.

    Albatta, harbiy xizmatchilarga koʻrsatilayotgan bu kabi eʼtibor va gʻamxoʻrliklar ularga zimmalariga yuklatilgan sharafli va masʼuliyatli vazifalarini sidqidildan, aʼlo darajada bajarishlarida kuch-gʻayrat, shijoat bagʻishlaydi, deya xabar qiladi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi matbuot xizmati.