Harbiy xizmatchiga tegishli toʻlovlarni toʻlash holatlari va muddatlari belgilandi

    Harbiy 24 Mart 2021 1257

    Prezident qarori (PQ–5035-son, 23.03.2021-y.) bilan Oʻzbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritildi.

    Unga koʻra, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchini komandirning (boshliqning) ixtiyoriga oʻtkazish hamda tegishli toʻlovlarni toʻlash holatlari va muddatlari belgilandi.

    Jumladan, harbiy xizmatchiga tashkiliy-shtat tadbirlari oʻtkazilishi yoki boshqa lavozimga tayinlanganligi munosabati bilan lavozimdan boʻshatilganda – 2 oydan koʻp boʻlmagan muddatda quyidagi toʻlovlar amalga oshiriladi:

    harbiy unvon maoshi, oxirgi egallab turgan asosiy lavozimi boʻyicha lavozim maoshi, xizmat yillari uchun ustama;

    maxsus moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan ustama (15 foizgacha);

    bir yoʻla toʻlanadigan pul taʼminoti, qonunchilikda belgilangan tartibda oziq-ovqat payogi uchun kompensatsiya puli va turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasi.

    Shuningdek, harbiy xizmatchi 6 oydan koʻproq muddatga tayyorgarlik, qayta tayyorgarlik va malaka oshirish kurslariga, shu jumladan Oʻzbekiston hududidan tashqariga oʻqishga yuborilganda mazkur toʻlovlar oʻqishning butun muddati davomida saqlanib qolinadi.