Harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan askarlar kutib olindi

    Harbiy 1 Aprel 2021 2527

    Surxondaryo viloyati Termiz temir yoʻl vokzalida muddatli harbiy xizmatni belgilangan muddatini oʻtab boʻlgan askarlarni kutib olish tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik Alisher Shirinov, Surxondaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Baxtiyor Bekmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi viloyat mintaqaviy boʻlinmasi, Mudofaa vazirligi faxriylari hamda Termiz harbiy orkestri va Termiz shahar madaniyat markazi xodimlari ishtirok etdilar.

    Harbiy xizmatdan maʼnan, ham ruhan toblandim, desam mubolagʻa boʻlmaydi, deydi Andijon viloyatida oʻz yigitlik burchini ado etib kelgan muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar Muhriddin Nazarov. - Oʻzbekiston imkoniyatlar mamlakati. Yoshlar uchun bugungi kunda keng imkoniyatlar eshigi ochilgan. Men Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik tanlovida faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdim va davlat test markazi tomonidan oʻtkazilgan imtihondan yuqori balni toʻplab imtiyozli tavsiyanomaga ega boʻldim. Kelgusida oliy oʻquv muassasasida tahsil olib, davlatimiz uchun kerakli kadr boʻlishga vaʼda beraman.

    Tantanali soʻzga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda milliy armiyamizdagi oʻzgarish va yangilanishlar, harbiy qismlarda yurt posbonlari uchun yaratilgan qulay sharoitlar xususida, shuningdek, hayot maktabi-armiyada toblangan askarlar kelajakda jamiyat rivojiga oʻzlarining munosib hissasini qoʻshishiga umid bildirdilar.

    III darajali serjant Akbar AXMEDOV,

    Termiz garnizoni