Ushbu musobaqalarda AQSHning turli hududlaridan kelgan Qurolli Kuchlari boʻlinmalari hamda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligidan jami 14 nafar harbiy xizmatchilar ishtirok etyapti.
Musobaqa asosan 8 ta yoʻnalish boʻyicha 20 dan ortiq shartlarni oʻzida jamlagan boʻlib, ishtirokchilar jismoniy tayyorgarlik, harbiy topografiya, toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish, uzoq masofaga yurish, tibbiy yordam koʻrsatish, turli rusumdagi qurollardan oʻt ochish, artilleriya olovini yoʻnaltirish hamda mavzuga oid test sinovlarini topshirishi kerak.
Musobaqaning dastlabki yoʻnalishida harbiy xizmatchilar jismoniy qobiliyati tekshirildi. Unga koʻra ishtirokchilar ogʻirligi 5 kilogramm boʻlgan koptokni ortga uloqtirish, oʻz vaznidan kamida 3 baravar ogʻir boʻlgan yukni koʻtarib oʻtirib turish, 3 daqiqa ichida yotgan holda kuch mashqini bajarish, 25 metr masofaga turli yuklar, holatlarda yugurish orqali bajariladigan estafeta, turnikda tortilish hamda 3,2 kilometr masofaga yugurish mashqlarini bajardi.
Yurtimiz shaʼnini himoya qilayotgan III darajali serjant Dilmurod Sulaymonov hamda kichik serjant Xayrullo Olimovlar mazkur bellashuvning barcha shartlarida muvaffaqiyatli qatnashib, yuqori natija koʻrsatdilar.
Bu ikkala harbiy xizmatchimiz estafeta hamda uzoq masofaga yugurish shartlarida shu kungacha qayd etilgan musobaqa rekordini yangiladi.
Eslatib oʻtamiz, 2019-yilda ham ushbu musobaqada ishtirok etgan harbiy xizmatchilarimiz I oʻrinni qoʻlga kiritgan edi, deb AQSHdan xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.