Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 14 mamlakatidan 154 nafar eng kuchli va nomdor triatlonchilar gʻoliblik uchun kurash olib borishdi.
Musobaqa shartiga koʻra ishtirokchilar 4 km masofaga suzish, 180 km masofani velosipedda bosib oʻtish hamda 42 km 195 metr masofani uzluksiz harakatda bajarishi lozim boʻldi.
Oʻta murakkab sport turi hisoblangan mazkur bellashuvda minglab xalqaro toifadagi sportchilar oʻzlarini sinab koʻrdilar. Xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) tarixida ilk bor musobaqada ishtirok etayotgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston Respublikasining terma jamoasi bir-biridan qiziqarli kechgan bahslarda kuch va gʻalabaga boʻlgan irodalarini namoyon etishdi va umumjamoa hisobida Rossiya Federatsiyasi vakillaridan soʻng ikkinchi oʻrinni egallashdi.
Yurtdoshimiz, Qurolli Kuchlari vakili shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi Alina Hakimova barcha ishtirokchilar orasida shaxsiy birinchilikda ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, 18-24 yoshgacha boʻlgan sportchilar orasida birinchilikni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, Alina joriy yil oktyabr oyida Kona shahrida (Gavayi, AQSH) boʻlib oʻtadigan triatlon boʻyicha jahon chempionatida ishtirok etish huquqini beruvchi litsenziyaga ham ega boʻldi.
Terma jamoamiz vakillari triatlon boʻyicha dunyoda kuchli hisoblangan Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Belgiya, Vengriya kabi mamlakatlarning sportchilarini ortda qoldirdilar.
Sportchilarimiz Oʻzbekiston Triatlon Federatsiyasi hamda Mudofaa vazirligi sport markazining tajribali murabbiylari koʻmagida musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrgandilar. Yaratilgan keng koʻlamli shart-sharoitlardan unumli foydalangan vakillarimiz oʻzlarini har tomonlama toblab, musobaqa davomida erishgan natijalari bilan bildirilgan yuksak ishonch va eʼtiborga munosib javob qaytarishdi.
Taʼkidlash kerakki, ushbu nufuzli musobaqada Osiyo mamlakatlari orasidan faqat Oʻzbekiston terma jamoasi ishtirok etdi. Albatta, musobaqa shartlari aytishgagina oson, ammo har bir murakkab bosqichdan muvofaqqiyatli oʻtishning oʻzi katta bir gʻalaba.
Nufuzli musobaqada yuksak natija koʻrsatgan vakillarimiz bugun, 6-iyul kuni erta tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida harbiy orkestr musiqa sadolari ostida tantanali kutib olindi. Marosimda mamlakatimiz sport mutasaddilari, harbiy xizmatchilar va sportchilarning yaqinlari ishtirok etdi.