Davlatimiz rahbari tomonidan Toshkentdagi ekologik vaziyatni tezkor yaxshilash va havo sifatini nazorat qilishning barqaror tizimini yaratishga qaratilgan oʻta muhim Farmon imzolandi. Unga muvofiq Maxsus komissiya shakllantirilib, unga atrof-muhit havosiga salbiy taʼsir qiluvchi antropogen va tabiiy omillarni yumshatish bilan bogʻliq vakolatlar berildi. Maxsus komissiya bu borada bir qancha ishlarni amalga oshirmoqda.
Toshkentda kuzatilayotgan havo sifatining yomonlashishi bir vaqtning oʻzida namoyon boʻlib, bir-birini kuchaytirgan bir nechta tabiiy-iqlimiy va antropogen omillar yigʻindisi bilan bogʻliq. Tabiiy-iqlimiy omillar orasida kuchli inversiya hodisasi havo sifatining buzilishiga eng katta taʼsir koʻrsatmoqda. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Iqlim oʻzgarishi milliy markazi direktori Farruh Sattarov ana shu hodisa haqida maʼlumot berdi.
Toshkent qayerda joylashgan va u odatda qanday “nafas oladi”?
Toshkent shahri joylashuvi togʻ-vodiy shamol sirkulyatsiyasini shakllantiradi, u tarixi davomida shaharni tabiiy shamollatib turib, iqlimiy barqarorlikni taʼminlab kelgan. Kunduzi issiqroq havo vodiydan togʻ tomon koʻtariladi. Kechasi esa sovuqroq va ogʻir havo togʻlardan pastga — shahar tomon “oqib tushadi”. Mana shu tabiiy “nafas olish” sikli yillar davomida Toshkentni shamollatib, ifloslantiruvchi moddalarning maʼlum qismini tashqariga chiqarishga yordam beradi.
Quruq iqlim va tabiiy changlanish esa Toshkent va umuman Oʻzbekiston uchun tabiiy-iqlimiy xususiyat hisoblanadi. Asosiy tabiiy chang manbalari — Qizilqum va Qoraqum, Orolqum choʻllari, degradatsiyaga uchragan yerlar va transchegaraviy ifloslanish boʻlib, bu hududlar orqali mayda zarrachalar bizning mintaqamizga va bevosita shaharga koʻchib keladi. Yaʼni tabiiy changli fon maʼlum darajada meʼyoriy holat hisoblanadi. Biroq bugungi kunda ushbu tabiiy fonga antropogen tashlamalar hamda harorat inversiyasi kabi meteorologik sharoitlar qoʻshilmoqda. Aynan shu omillar yigʻindisi havo ifloslanishining keskin kuchayishiga olib kelmoqda.
Harorat inversiyasining taʼsiri qanday?
Odatdagi kunlarda havo harorati balandlik bilan pasayadi:
- pastda — issiqroq,
- yuqorida — sovuqroq.
Yer yuzasiga yaqin issiq havo yengilroq boʻlgani uchun yuqoriga koʻtariladi, uning oʻrniga esa yuqoridan va yondan sovuqroq havo pastga tushadi. Shu orqali havo vertikal ravishda tabiiy aralashadi va ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning nisbatan qalin qatlamida tarqaladi.
Harorat inversiyasi sharoitida esa buning aksi yuz beradi: harorat balandlik bilan pasayish oʻrniga, aksincha, balandlik ortgan sari oshib boradi. Natijada nisbatan iliq havo qatlamlari pastdagi sovuqroq yer usti qatlamining ustida joylashadi. Buning oqibatida tashlamalar yuqoriga koʻtarila olmaydi, ifloslantiruvchi moddalar yer yuzasiga yaqin qatlamda “qulflanib” qoladi.
Hozir kuzatilayotgan barqaror atmosfera holati kichik barik bosim gradiyenti va nisbatan koʻtarilgan bosim bilan ifodalanadi. Bunday sharoitda havo gorizontal yoʻnalishda kam harakat qiladi, shamollar zaif boʻladi va aynan shunday vaziyatda harorat inversiyasi oson shakllanadi hamda uzoqroq davom etadi.
Toshkent uchun inversiya, odatda, taxminan 270–340 metr balandlikda hosil boʻladi — bu shahar ustidan oʻtuvchi atmosferaning chegaraviy qatlamiga toʻgʻri keladi.
Nega PM2,5 konsentratsiyasi kechqurun va uzoq inversiya davrida yuqori boʻladi?
Kechqurun va tun davomida yer yuzasi tez soviydi, yer usti qatlamidagi havo ham sovib ogʻirlashadi, undan yuqorida esa nisbatan iliq havo qatlamlari saqlanadi. Aynan mana shu paytda kuchli inversiya kuzatiladi. Shu sababli kechqurun va erta tong soatlarida PM2,5 va boshqa ifloslantiruvchi moddalarning konsentratsiyasi koʻpincha maksimal darajaga yetadi.
Kunduzi quyosh yer yuzasini isitadi, atmosferaning yer usti qatlamidagi havo qizib, yuqoriga koʻtarila boshlaydi. Konvektiv jarayonlar va turbulentlik kuchayadi, ifloslantiruvchi moddalarning katta qismi atmosferaning yuqoriroq qatlamlariga tarqaladi, shu sababli yerga yaqin qatlamdagi konsentratsiyalar qisman pasayadi.
Nega yozda vaziyat nisbatan yengilroq, qishda esa ogʻirroq boʻladi?
Yoz faslida yuqori harorat va yer qatlamining kuchli isishi natijasida, odatda, inversiya yo yuz bermaydi, yoki juda qisqa muddatli va zaif boʻladi — koʻproq tong oldi soatlarida kuzatiladi. Bu holatda havoning tabiiy aralashuv jarayoni sodir boʻladigan qatlam qalinlashadi, issiq havo yengillashib, tezroq yuqoriga koʻtariladi. Natijada ifloslangan zarrachalar katta hajmdagi havo ichida tarqaladi, mahalliy shamollar esa hudud ventilyatsiyasini kuchaytiradi.
Bugungi kunga kelib Toshkent shahri havosi birmuncha yaxshilandi. Bu, albatta, Maxsus komissiya tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasidir.








