Oʻtgan hafta Hasanboy Doʻsmatov Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida chempionlik shohsupasiga koʻtarilgan edi.
Charm qoʻlqop ustamiz endi bor eʼtiborini professional ringdagi faoliyatiga qaratadi. Andijonlik Olimpiada va jahon chempionining navbatdagi raqibi, jang sanasi va manzili rasman maʼlum qilindi.
Unga koʻra, Doʻsmatov 5-noyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomida Janubiy Afrika Respublikasi vakili Sifamandla Baleniga qarshi ringga koʻtariladi. Hozirgi holat boʻyicha ushbu jang oqshomning markaziy toʻqnashuvi sifatida qayd etilgan.
Maʼlumot uchun, "Oʻyinchoq" laqabi bilan tanilgan Baleni faoliyati davomida 21 gʻalaba (8 nokaut), 5 magʻlubiyat va 2 durang qayd etgan. U shu yilning 4-sentyabr kuni IBO World Minimum kamari uchun oʻtkazgan 12 raundlik jangida Mzamo Maxifeniga ochkolar hisobiga koʻra yutqazib qoʻygandi. Hasanboy Doʻsmatov esa 5 ta jangining barida zafar quchgan. Doʻsmatov - Baleni jangi 10 raund etib belgilangan.