Soʻnggi kunlarda mamlakatimizda harorat inversiyasi bilan bogʻliq noqulay meteorologik sharoitlar oqibatida havo sifatining pasayishi kuzatilmoqda. Holat yuzasidan Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov maʼlumot berdi.
Ushbu hodisa kunduzgi va kechki havo haroratining ayrim hollarda 14 gradusgacha keskin farq qilishi, tuman tushishi, shamol tezligini pasayishi natijasida ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosida tarqalishini qiyinlashtirmoqda.
Taʼkidlanishicha, Maxsus komissiya oʻz faoliyatini toʻxtatgani yoʻq. Ekologik holat yuzasidan aholiga muntazam axborot berish bilan birga tegishli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirmoqda.
Bugungi kunda Maxsus komissiyasining eʼtibori sanoat va xoʻjalik obyektlarida ekologik reydlar va nazorat tadbirlariga qaratilgan.
Noqulay ob-havo sharoitida atmosfera havosiga antropogen (yaʼni, insoniy faoliyat)ning yuklamasini kamaytirish uchun korxonalarning quvvatlari cheklanmoqda va ayrimlarining faoliyati toʻxtatilmoqda.
1-7-yanvar kunlari Toshkent shahridagi 12 ta va Toshkent viloyatidagi 22 ta ishlab chiqarish korxonasida tekshiruvlar oʻtkazildi hamda taʼsirchan choralar koʻrildi. Atmosfera havosini ifloslantirgan oʻnlab avtotransport vositalariga nisbatan maʼmuriy choralar qoʻllanildi.
Shu bilan birga, profilaktik choralar ham amalga oshirilmoqda: tashlama manbalari ustidan monitoring kuchaytirildi, atmosfera havosi sifati tezkor baholab borilmoqda.
Mutaxassislarning tahlillariga koʻra, noqulay meteorologik sharoitlar 16-17-yanvar sanasiga qadar saqlanishi kutilmoqda. Antitsiklonlar kelishi natijasida yogʻingarchilik yogʻishi va shamol tezligi oshishi bilan atmosfera havosi sifati normallashuvi kutilmoqda.
Harorat inversiyasi qisqa muddatli va oldindan prognoz qilinadigan meteorologik hodisa boʻlib, bu davrda davlat tashkilotlari kuchaytirilgan rejimda ish olib boradi va ifloslanishni yumshatish uchun sinovdan oʻtgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Maxsus komissiya tomonidan ekologik reydlar va monitoring tadbirlari inversiya yakunlangach ham davom ettiriladi. Koʻrilayotgan barcha choralar yuzaga kelgan xavflarni minimallashtirish hamda aholining ekologik xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan.
Barcha chora-tadbirar ilmiy asoslangan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirib kelinmoqda.