Havo transporti sohasiga investitsiyalarni jalb etish istiqbollari muhokama etildi

    Transport 30 Iyun 2022 1332

    Joriy yil 29-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov fuqaro aviatsiyasi sohasida taniqli turk mutaxassisi, “Turkish Airlines” Direktorlar kengashining sobiq raisi Ilker Ayji bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston tomonidan Transport vazirligi rahbariyati ham ishtirok etdi.

    Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston havo transportida tashuvchilarining raqobatbardoshligini oshirish va ushbu sohadagi loyihalarni amalga oshirishga xususiy investorlarni jalb etishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama etildi.

    Turkiya tomoni havo transportida tashish sohasida Turkiyaning ilgʻor tajribasini joriy etishga koʻmaklashish va ushbu sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro munosabatlarning muhokama etilgan yoʻnalishlari doirasidagi amaliy hamkorlikdan manfaatdorligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.