Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida yashovchi fuqaro B.Abduhakimov Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 raqamli ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, “Hududgaz Fargʻona” MCHJ Qoʻqon shahar filiali tomonidan uning xonadoniga nisbatan 2 000 000 (ikki million) soʻm asossiz qarzdorlik hisoblayotgani haqida maʼlum qildi.

Isteʼmolchining aytishicha, bu xususda uning “Hududgaztaʼminot” AJga takror-takror qilgan murojaatlari ham hech qanday samara bermagan. Oʻrganishlar natijasida isteʼmolchi hisoblagich boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida oʻtab kelayotgani, qarzdorlik esa muassasa xodimining aybi bilan yuzaga kelgani maʼlum boʻldi.

Yana bir murojaatda aytilishicha, Fargʻona viloyati Rishton tumanida yashovchi fuqaro B.Boboxoʻjayev Bagʻdod tumani markazida joylashgan “Texnomart” savdo markazidan umumiy qiymati 9980000 (toʻqqiz million toʻqqiz yuz sakson ming) soʻm boʻlgan Iphone 12 rusumli mobil aloqa telefoni xarid qilgan.

Biroq undan foydalanish jarayonida karnayida nuqson borligini maʼlum boʻlgan. Xaridor telefonni almashtirish maqsadida savdo markaziga borganida uning nuqsonli mahsulotni almashtirish talabi qondirilmaydi.

Oʻrganish natijalariga koʻra, fuqaro xarid qilgan nosoz Iphone 12 yangisiga almashtirib berildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati tarqatgan maʼlumotda.