Havola orqali aniq vaqtni kuzatib borish mumkin

    Oʻzbekiston milliy metrologiya institutida 2024-yilda ishga tushirilgan Vaqt va chastota birligi milliy etaloni yordamida hosil qilinayotgan aniq vaqt maʼlumotlarini kuzatish imkoni yaratildi.

    Ushbu aniq vaqt – Oʻzbekiston milliy vaqt shkalasi UTC (UZ) bilan sinxronlashgan va metrologik kuzatiluvchanligi Xalqaro oʻlchov va tarozilar byurosi (BIPM)ning Muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC)gacha taʼminlangan.

    Raqamli transformatsiya davrida aniq vaqt maʼlumotlari yuritilishi nafaqat insonlar kundalik hayotida balki iqtisodiyot tarmoqlari uchun ham zarur omil hisoblanadi.

    Endilikda yurtimiz boʻylab www.aniqvaqt.nim.uz havolasi orqali Oʻzbekiston milliy vaqt shkalasi UTC (UZ) aniq vaqt maʼlumotlarini kuzatib borish mumkin.

    Havolaning mobil versiyasi ham ishga tushirilgan.

    Bu oʻz navbatida Ramazon oyida roʻzadorlar uchun saharlik va iftorlik vaqtlarini ham aniq belgilash imkonini beradi.

    Havola sinov rejimida ishlamoqda.