Tadqiqot Hindistonning Dehli va Chennay shaharlarida o'tkazildi. Bu shaharlardagi havoda qon oqimiga kirishi mumkin bo'lgan mikroskopik PM2.5 zarrachalari miqdori oshgan. Ilgari PM2.5 ning nafas olish va yurak-qon tomir kasalliklari yuzaga kelishi bilan bog'liqligi aniqlangandi.
PM2.5 ning o'rtacha yillik darajasi Dehlida 82-100 mkg/m3, Chennayda esa 30-40 mkg/m3 bo'lgan, JSST ko'rsatmasiga binoan bu ko'rsatkich 5 mkg/m3 gacha bo'lishi kerak. Olimlar 2010-yildan 2017-yilgacha yetti yil davomida 12 ming erkak va ayoldan iborat guruhni kuzatishdi. Ularning qondagi qand miqdori muntazam tekshirib turilgan va ular yashaydigan hududlarda havo sifati nazorat qilingan.
Natijalar shuni ko'rsatdiki, atigi bir oy ichida yuqori darajadagi PM2.5 havosi bilan nafas olish qondagi qand miqdorini oshiradi va bu jarayonning uzoq davom etishi (bir yil yoki undan ko'proq) diabetga olib kelishi mumkin. Har bir ortiqcha 10 mkg/m3 qandli diabetning rivojlanish xavfini 22 foizga oshiradi.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, Hindiston aholisining 11,4 foizi (101 million kishi) qandli diabetdan aziyat chekadi. Bundan tashqari, qandli diabetga chalinganlar qishloq joylarda emas, balki shaharlarda ko'proq uchraydi.
PM2.5 tarkibida sulfatlar, nitratlar, og'ir metallar mavjud. Bu moddalar endokrin tizimni buzadi va insulin ishlab chiqarishga xalaqit beradi, deb xabar beradi mir24.tv.