Haydovchilardan ishonchnomani talab etish tartibi bekor qilinadi

    Transport 5 May 2021 1173

    “Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (271-son, 04.05.2021-y.) qabul qilindi

    Qarorga koʻra, 2021-yil 1-avgustdan quyidagi davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali koʻrsatiladi:

    avtomototransportlar va shahar elektr transportlari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish;

    avtomototransportlar va shahar elektr transportlar haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.

    2022-yil 1-avgustdan oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar faqat YAIDXP orqali taqdim etiladi.

    2021-yil 1-sentyabrdan haydovchilardan avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma elektron shaklga oʻtkazish orqali mazkur hujjatlarni haydovchidan talab etish tartibi bekor qilinadi.

    2021-yil 1-iyulga qadar DYHXX organlarida avtomatlashtirilgan elektron tizimlarning YAIDXPga integratsiya qilingan holda toʻliq ishga tushirilishi taʼminlanadi.